Baxmalda bogʻlar, uzumzorlar kengaymoqda
Ammo bu tabiiy shart-sharoitlar barcha zamonlarda ham hisobga olinavermagan.
Qaror va ijro
Jizzax viloyatining meva uzum va sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan Baxmal tumanida joriy yilda 1 ming 800 gektar maydonda bogʻ, 1 ming gektar yerda tokzor barpo etilib, 670 gektar maydonda sabzavot yetishirilayotir.
Prezidentimiz 23-iyul kuni qishloq va suv xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va bozor munosabatlarini yana-da rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida tumanlarni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirishga alohida eʼtibor qaratdi.
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish respublikamizning togʻli hududlaridan biri boʻlgan Baxmal tumani uchun ham katta ahamiyatga ega. Turkiston togʻ tizmalari etaklarida joylashgan tuman hududidagi qishloqlarda qadimdan bogʻdorchilik ravnaq topgan. Keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligini rivojlantirishdagi yangicha yondashuvlar tufayli hududning bu tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalanishga eʼtibor yana kuchaytirilmoqda.
– Agar qadimdan ota-bobolarimiz qishloq xoʻjaligida ixtisoslashuvga qatʼiy amal qilib kelganligini koʻrsak, xoʻjalik yuritishning bu usuli xalq farovonligini oshirishda nechogʻli muhim ahamiyatga ega ekanligini izohlashga hojat yoʻq, – deydi koʻp yillar Baxmal tumanidagi “Oyqor” bogʻdorchilik xoʻjaligini boshqarib kelgan, mehnat faxriysi Abduvahob, Abduvohidov. – Chunki ajdodlarimiz tirikchilik yoʻlida ming yillar davomida izlanib, amaliy tajribalar, xulosalar asosida xoʻjalik yuritishning tartib-qoidalarini, qonuniyatlarini yaratgan.
Masalan, Baxmal, Zomin kabi togʻli hududlarda qishloqlarning aksariyati qadamdan bogʻlari, Forishning togʻ qishloqlari uzumi, choʻl hududlarida qorakoʻli, Gʻallaorol tumani, Jizzax shahri atrofida joylashgan qishloqlar sabzavoti bilan mashhur boʻlgan. Prezidentimizning qishloq xoʻjaligida ixtisoslashtirishga berayotgan eʼtibori tufayli, tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlardan odamlar mamnun boʻlmoqda. Bu yoʻl farovon eltuvchi yoʻldir.
Ammo bu tabiiy shart-sharoitlar barcha zamonlarda ham hisobga olinavermagan. Na ilmiy, na qadimiy dehqonchilik asoslari hisobga olingan, maʼmuriy buyruqbozlik bilan ish yuritilgan tuzumlar davrida koʻpincha qishloq xoʻjaligida tabiatning oʻzgarmas qoidalari emas, yuqoridan keladigan koʻrsatmalar, rejalar asosida ish yuritilib, qoʻpol xatolar qilingan.
Togʻoldi hududining sernam, salqin iqlimi bogʻdorchilik, sabzavotchilik uchun ham juda qulay boʻlishiga qaramay yuqoridan kelgan rejaga asosan paxta, gʻalla yetishtirilgan. Natijada hududda shirkat xoʻjaliklar zarar bilan ishlagan. Uzoq yillar davom etgan notoʻgʻri rejalashtirish asoratlari bugun aksariyat togʻ qishloqlarida aholi daromadining pastligida, kambagʻallar soni koʻpligida sezilib turibdi.
Bugun davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar markazida kambagʻallar sonini kamaytirish vaziafasi turibdi. Shuning uchun har bir hududda shu yerda eng yaxshi hosil beradigan ziroat turini ekish – qishloq aholisi daromadini oshirishning ishonchli yoʻli sifatida tanlangani barchaga maʼqul kelayotir.
– Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil
11-maydagi “Respublika hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar
toʻgʻrisida”gi qarori tarixiy ahamiyatga ega hujjat boʻldi, – deydi Baxmal tumani hokimining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari Oʻtkir Kattabekov. – Ushbu qaror asosida tumanda bogʻdorchilik, uzumchilik, kartoshkachilikni rivojlantirish boʻyicha 2020-2022-yillarga moʻljallangan tarmoq rejasi ishlab chiqilib amalga oshirilmoqda. Tuman hududining tabiiy-iqlim, tuproq xususiyatlari, suv taʼminoti, aholining tarixiy-anʼanaviy kasb koʻnikmalari hisobga olinib, mavjud qishloqlarning 7 tasi bogʻdorchilikka, 8 tasi uzumchilikka, 5 tasi sabzavotchilikka, 3 tasi kartoshka va 11 tasi dukkakli mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashtirildi.
Bogʻdorchilikka ixtisoslashgan Qoʻshchinor, Baxmal buloqlari, Nushkent, Abduvohid Usanov, Turon, Sangzor, Tongotar qishloqlari hududida jami 6 ming gektar, shu jumladan, 2020-yilda 1 ming 800 gektar, 2021-yilda 2 ming 100 gektar va 2022-yilda ham 2 ming 100 gektar bogʻ ekilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda bogʻ barpo etish bilan bogʻliq tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning oʻzida 84 nafar tashabbuskor tomonidan 718 gektar maydonda bogʻ barpo etildi. 670 gektar maydonga sabzavot, 650 gektarga kartoshka, ekildi. Kuzda 1 ming 82 gektar bogʻ barpo etilishi moʻljallangan.
Uzumchilikka, sabzavotchilikka, kartoshkachilikka, dukkakli ekinlar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan qishloqlarda ham joriy yilga rejalashtirilgan ishlar toʻliq uddalandi. Koʻklam 473 gektar maydonda tokzor barpo etildi. 670 gektarga sabzavot ekinlari ekildi. 1 ming gektar maydonga ekilgan dukkakli ekinlar hosili yigʻishtirib olinmoqda.
Ayni paytda ixtisoslashtirish boʻyicha tarmoq rejasi asosida kelgusi yil uchun tashabbuskor tadbirkorlar aniqlanib, yer maydonlari, bank kreditlari ajratish ishlari amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, davlatimiz qoʻllab-quvvatlanishini amalda his etayotgan qishloq odamlari oilasi farovonligining asosi boʻlgan bu ishlarni katta ishtiyoq bilan amalga oshirmoqda.