Barqaror taraqqiyot garovi
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va halollikni ta’minlash bugungi kunda mamlakat taraqqiyotining eng muhim shartlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, jamiyat va biznes muhiti bilan bevosita ishlaydigan soliq tizimida bu talablar yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Jizzax viloyati soliq boshqarmasi tashabbusi bilan tuman va shahar soliq organlarida “Soliq — korrupsiyadan xoli tizim” mavzusida davra suhbatlari izchil ravishda tashkil etilmoqda. Kuni kecha G‘allaorol va Baxmal tuman soliq inspeksiyalarida o‘tkazilgan tadbirlar ham ushbu tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Davra suhbatlarida viloyat soliq boshqarmasining shaxsiy xavfsizlik bo‘limi xodimlari, shuningdek, hududiy soliq inspeksiyalari rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Uchrashuvlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha milliy siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, amaldagi vazifalar va mas’uliyat masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaatnomalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida eski yondashuvlar samara bermayotgani, mazkur yo‘nalishda tub islohotlar va yangi ish uslubiga o‘tish zarurligi qat’iy ta’kidlangani qayd etildi. Shuningdek, 2026 yilning “Favqulodda holatlar yili” deb e’lon qilinishi hamda 2025 yil 30 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur farmonga muvofiq, davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, inson omilini qisqartirish, xizmat faoliyatida shaxsiy manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat va shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish asosiy vazifalar sifatida belgilangan. Soliq organlari esa bu borada aholi va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qiluvchi tizim sifatida alohida mas’uliyatga ega.

Tadbir yakunida soliq xizmati xodimlariga xizmat vazifalarini bajarishda qonun ustuvorligiga qat’iy rioya etish, shaffoflik va halollikni hayot qoidasiga aylantirish, har qanday korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Qayd etilganidek, soliq tizimida halollikni ta’minlash — faqat ichki nazorat masalasi emas, balki jamiyat ishonchi, sog‘lom iqtisodiy muhit va barqaror taraqqiyot garovidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri