Barmogʻimdan tanga engan jonim — lazgim...
Ollohim jonni tanaga kirishga buyruq berganida, zimiston tanga kirgan jon qoʻrqib birdan qaytib chiqqan ekan... Shunda Olloh uni oʻz ruhiga chayib olibdi.
Tashrif kunlari voha elini, sanʼatsevar xalqimizni quvontirgan yana bir yangilik haqida toʻxtalmasam boʻlmas. Davlatimiz rahbarining xorazmliklarga baxsh etgan juda katta quvonchlaridan biri keyingi yildan boshlab Xorazm sanʼatining gultoji boʻlgan “Lazgi“ festivalini xalqaro miqyosda har safar Xorazmning bir tumanida oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi boʻldi. Bu afsonaviy raqs oʻtgan yil dekabr oyida YUNESKOning nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan edi. Sanʼatimiz jonkuyarlari qalbidagi bu shukuh va shukronalik taftidan koʻngillar iyib, dillar haroratlanib turganda, Prezidentimizning Xorazm lazgisiga koʻrsatgan bu qadar hurmat-eʼtibor sanʼatsevar xalqimiz boshini osmon etdi!
Ollohim jonni tanaga kirishga buyruq berganida, zimiston tanga kirgan jon qoʻrqib birdan qaytib chiqqan ekan... Shunda Olloh uni oʻz ruhiga chayib olibdi. Shu onda ilohiy bir kuy taralibdi. Unga oshufta boʻlgan jon barmoqlar uchidan boshlab tanaga kira boshlagan va butun vujudni tiriltirgan ekan:
Barmogʻimdan tanga engan jonim — lazgim,
Uch yuz oltmish tomirimda qonim, lazgim,
Toʻrt yuz qirq besh suyagimda sado bergan,
Hur Xorazm elimga unvonim, lazgim.
Sen chalinsang, ichu toshim raqsga tushgay,
Sevinchimdan koʻzda yoshim raqsga tushgay,
Ulugʻ yurtning yumushidan bir dam forigʻ,
Koʻngli yayrab har yurtdoshim raqsga tushgay...
Ha, Xorazmda hech bir davra, toʻy, bazm, tantanayu bayram lazgisiz oʻtmaydi. Lazgi bugun butun mamlakatimizdagi eng katta bayram tantanalarining avj nuqtasi, uni vodiyliklar ham, poytaxtliklar ham, Qarshiyu, Surxon, Buxorayu, Samarqand, Qoraqalpogʻu, Jizzax ahli, boringki, jonajon Oʻzbekistonimizdagi har qaysi millat va elat vakillari yaxshi koʻradi, Vatanimizga tashrif buyurgan sayyohlarga ham uni tarjima qilishning hojati yoʻq, oʻz ona yurti musiqasi kabi, davraga tushib ketishaveradi. Lazgi ellarni ellarga, dillarni dillarga tutashtiruvchi, doʻstlik, mehr, iqbol va saodat singari eng pokiza, eng olijanob tuygʻularni payvand qiluvchi sehrli navo, barchaga baravar shodlik, kuch-gʻayrat ulashuvchi moʻjizaviy ohangdir!
Darvoqe, asrlar davomida hech kim bu kuyga soʻz bogʻlashga jurʼat etmagan. Oʻzbekning otashnafas hofizi, bulbulzabon Komiljon Otaniyozov ilk bor uni soʻz bilan ijro etib, lazgining ikkinchi umriga asos solgan edi. Hozir lazgining toʻqqiz turi bor, biri biridan jozibador, biri biridan joʻshqin! Endilikda Prezidentimizning tashabbusi bilan lazgi tarixida mutlaqo yangi, nurli sahifa ochiladigan boʻldi! Davlatimiz rahbari “Lazgi“ xalqaro festivalini toʻy qilib oʻtkazamiz deya taʼkidladi. Xorazm toʻylarida sanʼatkorlar oʻzgacha muhabbat bilan talkin qiladigan “Tuylar muborak“ ashulasida shunday soʻzlar bor:
Boshi yetar osmona,
Har kim shu kunga yetsa!
Ming shukr, ming tahsinki, bepoyon sarhadlarimizda tinchlik-omonlik, siyosiy muvozanat, mustahkam barqarorlik hukm surayotgani va bu ishlarning boshida muhtaram Prezidentimiz xalqimizga suyanch togʻi, najot qalʼasi boʻlib turgan ekan, shu kunlarga, albatta, yetamiz! Lazgimiz toʻyi ozod va obod Vatanimizning, oʻz hayotidan rozi, mamnun va baxtiyor xalqimizning muborak shodiyonasiga, ezgulik va totuvlik, tinchlik va quvonch tantanasiga aylanadi!
Gavhar Ibodullayeva,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati boʻlimi masʼul kotibi.