Barkamol avlod tarbiyasi — eng muhim vazifa
Yurtimiz o‘z takomilining yangi, yuksak rivojlanish bosqichiga qadam qo‘yayotgan hozirgi pallada ilg‘or ilm-fan yutuqlarini egallagan, milliy-ma’naviy qadriyatlarni qadriga yetadigan, jismonan va ma’nan sog‘lom kadrlarga ehtiyoj borligi mamlakatimiz rahbari tomonidan Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yana bir bor ta’kidlandi.

Darhaqiqat jismoniy va ma’naviy barkamollik o‘z kuchi, bilimi, salohiyati, layoqati va malakasiga ega bo‘lgan sog‘lom barkamol yoshlar tarbiyasiga bevosita bog‘liq. Jismoniy tarbiya va sportda ham yangi yo‘nalish va mutaxassisliklarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. An’anaviy sport turlari qatorida tamoman yangi yo‘nalishlar – qishki sport, texnik taktik, qishki va murakkab texnik sport turlari, kiber sport turlari rivojlanmoqda.
Yoshlar o‘rtasida keyingi yillarda karate (WKF) sport turi ham keng ommalashayotir. Prezidentimizning 2023 yil 3 noyabrdagi “Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, saralash, sport maktablari, klublari va to‘garaklarga ularni jalb etish, aholining barcha qatlamlari, jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning mazkur sport turi bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar yanada kengaydi.
Mazkur hujjat asosida hududlarda “Karate hamma uchun” dasturi amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim yo‘nalishidagi bolajonlar uchun ham maxsus loyihalar amalga tatbiq etiladi. Karate bo‘yicha zamonaviy sport majmualarini barpo etish, moddiy texnik bazasini mustahkamlash, zaruriy anjom va jihozlar bilan ta’minlash, soha bo‘yicha ilmiy-uslubiy va o‘quv adabiyotlari yaratish, tibbiy xizmatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Farmonda 2023-2026 yillarda “Karate (WKF) sport turini rivojlantirish dasturi, sport turini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari aniq ko‘rsatildi. Farmonda 2024 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda: respublikaning barcha hududlarida 7 oktyabr kuni – Butunjahon karate kuniga bag‘ishlangan festival, karate va parakarate bo‘yicha nufuzli xalqaro turnir, karate bo‘yicha Xalqaro karate federatsiyasining (WKF) tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari bo‘yicha uch bosqichli (tuman, shahar, hududiy va respublika) chempionatlar, karate bo‘yicha davlat sport-ta’lim muassasalari o‘rtasida “O‘zbekiston chempionati” musobaqasi o‘tkazish aniq ko‘rsatildi. Shuningdek 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida karate bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga va magistratura mutaxassisligiga amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini ikki baravarga oshirish, Nukus, Farg‘ona filiallarida karate bo‘yicha o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini ko‘paytirish nazarda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, karate sport turini rivojlantirish asnosida sog‘lom va barkamol farzandlarni tarbiyalash, aholining barcha qatlami orasida sport sog‘lomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash asosiy maqsadimizdir.
Shuhrat Arslonov,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
dzyudo, karate nazariyasi va uslubiyoti kafedrasi mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy