“Barkamol avlod” bolalari ko‘rgazmasi
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Samarqand shahridagi “Chorsu” galereyasida Samarqand viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabining tasviriy san’at to‘garagi a’zolarining ko‘rgazmasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmada to‘garak rahbari Nargiza Ochilova va 15 nafar o‘quvchi bolajonlarning saksonga yaqin ijod namunalari namoyish etildi. Eng muhimi, ko‘rgazmada samarqandlik taniqli rassomlar ishtirok etib, o‘quvchilarning ishlariga baho berishdi va ularning ijodlariga omad tiladi.
[gallery-2636]
— bugungi ko‘rgazmani o‘tkazishdan maqsad bolalarning beg‘ubor intilishlarini o‘ziga xos rag‘batlantirish, ularni ilhomlantirishdan iborat, — deydi ko‘rgazma tashkilotchisi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Nargiza Ochilova.
– Hammamizga ma’lum, bolaga qog‘oz va qalam tutqazsangiz o‘z tasavvuridagi narsalarni chizishni boshlaydi. Demak, har bir bolada rang-tasvirga qiziqish bolaligidan mavjud bo‘ladi. To‘g‘ri, to‘garagimiz a’zolarining barchasi rassom bo‘lmaydi. Ularning bu iste’dodlarini amalda namoyish etish orqali dunyoqarashi, fikrlash doirasini kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA