Barhayotlik belgisi
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining bir guruh professor-oʻqituvchilari va iqtidorli talabalari Adiblar xiyobonida buyuk oʻzbek xalqining buyuk adibi Abdulla Oripov siymosi aks etgan haykal qoshida jam boʻlishgan.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining bir guruh professor-oʻqituvchilari va iqtidorli talabalari Adiblar xiyobonida buyuk oʻzbek xalqining buyuk adibi Abdulla Oripov siymosi aks etgan haykal qoshida jam boʻlishgan. Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Sirojiddin Saidov, isteʼdodli shoir Rustam Musurmon va professor Qiyomiddin Nazarovlar ishtirok etishib, davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov dahosi va zakosi borasida oʻz mulohazalarini bildirib oʻtdilar.
“Adabiyotga yaqinlashish maʼrifat, maʼnaviyat, madaniyat bilan oshna boʻlish demakdir”, deydi TIQXMMI Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor R. Choriyev. Ushbu xayrli va maʼrifiy maqsadni nazarda tutgan holda, tashabbus bilan chiqqan Prezidentimizning “Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini koʻrsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yoʻl topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak” - deyishlarida ulkan maqsad, ommani ilmga, kitobga chorlash niyatlari borligini anglash qiyin emas.
Shuning uchun ham soʻlim bogʻda jamuljam boʻlgan maʼrifat va adabiyot dargʻalarining har biri maʼnaviyatning mayogʻi sifatida dillarni yoritadi. Eng ahamiyatli jihati shundaki, har bir oliy taʼlim muassasasiga ulardan biri biriktirilgan boʻlib, oʻsha taʼlim maskanining talabalaridan tortib professor oʻqituvchilarigacha belgilangan adibning hayotiy va ijodiy faoliyatiga doir maʼlumotlarni toʻla oʻrganib targʻib qilishi talab etiladi.
Institutimizda ham adibning ijodini targʻib qilish maqsadida yoʻl xaritasi ishlab chiqilib shoir ijodi va hayot yoʻliga bagʻishlangan koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar rejalashtirilgan. Jumladan, institutimizda Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey ochish, adib ijodi va hayot yoʻliga bagʻishlangan turkum onlayn-vebinarlar tashkil etish, Abdulla Oripov tugʻilib oʻsgan Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga talabalar sayohatini uyushtirish, shuningdek, institutda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va shu munosabat bilan respublika miqyosida konferensiya tashkil etish, Abdulla Oripovning oila aʼzolari bilan yaqin aloqa oʻrnatish hamda hujjatli film yaratish, Institutda “Abdulla Oripov izdoshlari” toʻgaragini tashkil etish, adib nomidagi stipendiya joriy etish, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etish biz kelgusida amalga oshiradigan rejalarimiz hisoblanadi.
Bu kabi ishlar institutda tahsil olayotgan har bir talabaning koʻnglida adabiyotga boʻlgan mehrini oshirishida, qolaversa millatimizning buyuk vakillarini yaqindan tanishiga maʼnaviy va maʼrifiy koʻprik boʻlishini hech kim inkor eta olmaydi.