Barchasi inson manfaatlari uchun
Prezidentimizning joriy yil 17 martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, shahar, tuman davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallari hamda FHDYO organlari barcha huquq va vakolatlarini saqlagan holda shahar, tuman adliya bo‘limlari tuzilmasi va bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
Jizzax viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan brifingda shu haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonida ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish belgilangan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Pirxolov. – Bu tom ma’noda taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish borasidagi ilk qadamlardan biridir. Prezidentimizning mazkur qarori ham tizimdagi ishlar samardorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Brifingda “Adliya – shonli 30 yil!” deb nomlangan videorolik namoyish etildi.
A.Qayumov, O‘zA