Barcha nomzodlarga teng imkoniyatlar yaratildi
Poytaxtimizda O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi dastlabki natijalariga bag‘ishlangan brifingi o‘tkazildi.
Partiyadan saylovda nomzod sifatida ishtirok etgan Bahrom Abduhalimov Prezidentlik saylovi yangi O‘zbekistonga xos mutlaqo yangi siyosiy-huquqiy muhit, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda, yuksak saviyada, milliy hamda xalqaro qonunchilik norma va talablariga to‘liq rioya etilgan holda o‘tkazilganini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, saylov kampaniyasi davrida saylovchilar tomonidan davlat va jamiyatimizning barqaror rivoji, turmush darajasi va farovonligini oshirish bo‘yicha dolzarb savollar o‘rtaga qo‘yildi. Fuqarolarning taklif va tavsiyalari ularning yurt taqdiriga befarq emasligidan darak berdi. Uchrashuvlarda ochiq-oshkora masalalar aytildi, muhokama qilindi.
Ushbu Prezidentlik saylovi ilk bor Saylov kodeksi asosida tashkil etilgani bilan ham ahamiyatlidir. U tenglik, ochiqlik va oshkoralik, ko‘ppartiyaviylik, muqobillik, kuchli raqobat ruhida kechdi. Saylov partiya uchun mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rnini mustahkamlash, elektorati manfaatlarini ifodalash imkonini berdi.
Saylov kuni “Adolat” SDPning barcha darajadagi saylov shtablari to‘liq tarkibda faoliyat olib bordi. Hududiy va mahalliy saylov shtablaridan kelgan axborot va ma’lumotlar partiyaning markaziy shtabida umumlashtirilib, tahlil qilib borildi. Respublika bo‘yicha barcha saylov uchastkalarida partiyadan jami o‘n bir mingdan ortiq kuzatuvchi va yana shuncha vakolatli vakillar ovoz berish jarayonlarini kuzatib bordi.
Saylov jarayonlarida qonunbuzilish holatlari bo‘yicha partiya markaziy shtabiga va hududiy shtablarga hech qanday shikoyat yoki murojaatlar kelib tushmadi.
Brifing so‘nggida Bahrom Abduhalimov saylov kampaniyasi davrida barcha nomzodlarga saylovoldi tashviqotini amalga oshirish uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar va teng sharoitlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga minnatdorchilik bildirdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri