Barcha islohotlar aholi farovonligi uchun
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 8 sentyabr kuni o‘tkazilgan tarmoq va hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oshirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida 25 ta tuman va shaharda sanoat hajmi 10 foizdan ko‘paygani ta’kidlab o‘tilgan edi. Ular orasida to‘qimachilik korxonalarini ko‘paytirish orqali sanoat ko‘rsatkichini 15 foizdan oshirgan Buxoro viloyati Olot tumani ham bor.
Olot tumani ma’muriy jihatdan 38 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga bo‘lingan. Hududda 106 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ulardan 30 mingdan ortig‘i ijtimoiy muhofazaga olingan. Rasman mehnat migranti sifatida 4 mingdan ortiq olotlik ro‘yxatga olingan. Ayna paytda ishsiz fuqarolar soni ham shunchani tashkil etadi. Iqtisodiy ahvoli, xonadonlar moddiy manfaatdorligiga binoan ajratilgan toifaga ko‘ra, mahallalarning 20 tasi “sariq”, 18 tasi “yashil” ko‘rsatkichga ajratilgan. Uyma uy yurib o‘rganishlar va xatlovlar natijasida hududdagi Usmonshayx, G‘anchi Chandir, O‘zbekiston, Kattabayot, Opshoq, Shayxlar, Davlatboy kabi o‘nga yaqin qishloqlarda ishsizlik darajasi yuqori. Shu bois joylarda tashabbuskor tadbirkorlar istiqbolli loyihalarini amalga oshirishga e’tibor kuchaytirilgan.


Tumanning “Xalifa” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Olot Asaka Tekstil” MCHJ negizida mato va tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi barpo etilmoqda. Mazkur loyiha doirasida “Asaka bank” AJ Buxoro viloyati filiali tomonidan 10,1 million AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan. Korxonada ming kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Xorijdan olib kelinayotgan zamonaviy uskunalar korxonadagi ishlab chiqarish jarayoni va ko‘lamini bir necha baravarga oshirishga xizmat qiladi. Dastlabki bosqichda bu sanoat sub’ektida 350 nafar ishchi mutaxassis ishli bo‘ladi. Paxta tolasini titish va savash, tolani tarash, piliklash, piltalash, yigiruv va o‘rash bo‘limlarida ish barqaror tashkil etilmoqda. Yaqin oylarda korxona to‘liq quvvat bilan ish boshlagach, yiliga 6 ming tonna paxtadan jami 5 ming tonna sifatli kalava hamda undan so‘ng yarim tayyor mato tayyorlanadi.

Olot tumanining yirik sanoat ishlab chiqarish korxonasi “Merganteks” MCHJ qatorida “Olot ulgurji savdo”, “Olot parranda klaster”, “Olot ravon trans”, “Jaloliddin produkt”, “Azim Zoyir universal”, “Bobir Nodir muhandis”, “Adolat avtotrans”, “Aziya Olot qurilish”, “Chig‘atoy trans servis”, “Ravon temir invest” kabi mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ham o‘z imkoniyatlarini kengaytirish, ishlab chiqarish jarayonini barqarorlashtirish va mahsuldorlikni oshirish harakatida.

Birgina “Olot Haj Tekstil” MCHJ negizida qiymati 106,5 milliard so‘mga teng un va un mahsulotlari, hamda omixta yem ishlab chiqarishni tashkil etish hisobiga 50 nafar mahalliy aholi vakili ish bilan ta’minlangan.

Tumanning qo‘shni Turkmaniston Respublikasi bilan chegara hududidagi “Olot” chegara bojxona postiga yaqin maskanda ham ayni kunda transport–logistika xizmatlarini joriy etish hisobidan manfaatli loyihalar ishlab chiqilgan. Jumladan, qiymati 20 million AQSH dollariga teng bo‘lgan "Eurasia Transportation and Logistics Company" MCHJ xususiy korxonasi negizida tashkil etilayotgan zamonaviy logistika markazi bu borada katta daromadli istiqbolli loyihalardan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur loyiha bosh rejasiga asosan 2022-2023 yillarda jami 16 ta ob’ekt qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqichda 457 metr kvadrat hududda ikki qavatli mehmonxona, kafe, savdo do‘koni va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 18,3 metr kvadrat maydonda kirish-nazorat punkti 126 metr kvadrat hududda tarozi, 200 ta yengil avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh hamda bitta 18,3 metr kvadrat hududda qozonxona qurilmoqda.
Ikkinchi bosqichda esa 947,3 metr kvadrat hududda 2 ta ma’muriy bino, 6064 kvadrat metrli hududda 2 ta omborxona, 1 ta tekshirish va rentgen punkti, 1452 kvadrat metrli ayvon qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, bu manzilda 50 ta og‘ir va 500 ta yuk avtomobili turargohi, sanitariya-karantin hududi, yong‘inga qarshi nasos stansiyasi qurilishi ham ko‘zda tutilgan.
Tumanda istiqbolli loyihalar qatorida “SHOX GOLD TEKSTIL” MCHJ negizida ip kalava va bo‘z ishlab chiqarish sexi faoliyatini e’tirof etish mumkin. Umumiy qiymati 17 milliard so‘mga teng mazkur loyihani amalga oshirish maqsadida ikki yil avval 2,2 gektar yer maydoni ajratilgan. Ishbilarmon o‘z mablag‘i evaziga va korxonaga tegishli uskunalar orqali o‘tgan yil so‘nggi choragida korxona ishga tushirilib, 40 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.
Tumanda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi "Eurasia Transportation and Logistics Company" xususiy korxonasi tomonidan o‘tgan yil yakuni bilan taqdim qilingan statistik hisobotlarga binoan 1,5 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirilgan. Joriy yil yakuniga ko‘ra, korxona tomonidan 2,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, parrandachilik tarmog‘ida "OLOT PARRANDA KLASTER" MCHJ negizida umumiy qiymati 4 milliard so‘mga teng loyiha amaliyotiga o‘tgan yildan kirishilgan. Buning uchun esa noobod joydan 2,5 gektar yer maydoni ajratilgan va bugunga kelib hududda qurilish va jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Tashabbuskor tadbirkor sarmoyasi asosida amalga oshirilayotgan loyiha joriy yilda ishga tushiriladi.
– 2023 yilning birinchi yarim yilligida tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 199,6 milliard so‘mga yoki 115 foizga, xizmatlar hajmi 236,7 milliard so‘mga yoki 109 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 1,1 trillion so‘mga yoki 102 foizga, qurilish pudrat ishlari hajmi 304,2 milliard so‘mga yoki 107 foizga bajarildi, – deydi tuman hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Beshimov. – Tahlillardan ko‘rinishicha, investitsiya dasturiga muvofiq 2022 yilda hududda umumiy qiymati 328,4 milliard so‘mlik 40 ta loyiha qurib bitkazildi. Ishga tushirilgan va buning natijasida 871 yangi ish o‘rni yaratilgan. Joriy yilda ham hududni rivojlantirish dasturiga binoan, umumiy qiymati 350 milliard so‘mga teng bo‘lgan 40 ta loyihani to‘la-to‘kis ishga tushirish hisobidan 1625 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlash chorasi ko‘rilmoqda. Bu jarayonda ishlab chiqarish hajmi 128 milliard so‘mga, eksport hajmi 2,6 million AQSH dollariga, davlat byudjetiga tushum miqdori esa 10,1 milliard so‘mga oshishiga erishilmoqda.
Xayrli tashabbuslardan yana biri qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasidir. Bu borada hozirda xorijiy investor Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dabi Future Enerry DAJ” (“Masdar”) kompaniyasi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilmoqda. Unga ko‘ra tumanda qiymati 150 million AQSH dollariga teng bo‘lgan, yillik quvvati 250 MVt soatga teng o‘zgaruvchan tok va 63 MVt soatga teng energiya sig‘imiga ega nur quyosh fotoelektr stansiyasi — QFS panellarini o‘rnatish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu bilan hududda muqobil energiya manbaiga ega bo‘lish barobarida qo‘shimcha 30 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, olotlik tadbirkorlarga keng sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotgani aholi moddiy manfaatdorligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish orqali odamlar turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri