Baraka va g‘amxo‘rlik yarmarkasi
Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Muborak Ramazon oyida ezgulik va saxovat ruhi yurtimizning har bir go‘shasida yanada teran namoyon bo‘lmoqda. Jizzax shahridagi Markaziy dehqon bozori hududida tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan mazkur yarmarka aholini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ehtiyojmand oilalar dasturxoniga baraka kiritishga xizmat qilmoqda.

Yarmarkada go‘sht va go‘sht mahsulotlari, kartoshka, sabzi, piyoz, karam, shalg‘om kabi kundalik iste’mol tovarlari, shuningdek, un, makaron, tuxum, sut va sut mahsulotlari, yog‘-moy hamda boshqa oziq-ovqat turlari bozor narxlariga nisbatan arzonlashtirilgan holda taklif etilmoqda. Eng muhimi, mahsulotlar sifati qat’iy nazorat ostida bo‘lib, xaridorlarga munosib tanlov imkoniyati yaratilgan.
Mahsulotlar maxsus belgilangan joylarda tartib bilan joylashtirilgani, narxlar ochiq-oydin ko‘rsatilgani aholiga yanada qulaylik tug‘dirmoqda. Bu esa qarorda belgilangan vazifalar izchil va mas’uliyat bilan ijro etilayotganini ko‘rsatadi.
— Muqaddas oyda shunday yarmarkalar tashkil etilgani xalqimizga g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir, — deydi Jizzax shahri “Jizzaxlik” mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Sanobar ona Safarova. — Mahsulotlar bozordagidan ancha arzon, sifati esa yuqori. Ayniqsa, keksalar va kam ta’minlangan oilalar uchun bu katta yengillik. Yurtimiz tinch, dasturxonimiz to‘kin bo‘lsin, shunday imkoniyatlarni yaratib berayotganlardan minnatdormiz.
Ramazon — nafaqat ro‘za tutish, balki bag‘rikenglik, ahillik va shukronalik oyidir. Jizzax Markaziy dehqon bozoridagi yarmarka ana shu fazilatlarning hayotiy ifodasi bo‘lib, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonch va hamjihatlikni yanada mustahkamlamoqda.
Arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi davom etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri