Banklar faoliyatida korrupsion holatlar mavjud
2021 yilda tijorat banklari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga 166,7 trillion so‘m yoki 2020 yilga nisbatan 1,3 barobarga ko‘p kreditlar yo‘naltirilgan. Kichik tadbirkorlik sub’ektlarini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadlari uchun 436 mingdan ortiq loyihaga jami 59,6 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Bu haqda Senat yalpi majlisida taqdim etilgan Markaziy bankning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotda aytib o‘tildi.

Majlisda Markaziy bank faoliyati sarhisob qilinar ekan, tizimdagi ayrim kamchilik va muammolar ham aytib o‘tildi. Tijorat banklari faoliyatida korrupsion holatlar mavjudligi qayd etildi. Markaziy bankning Xorazm viloyati misolida faoliyat samarali yo‘lga qo‘yilmagani, qator xato va kamchiliklar borligi hamda regulyator sifatida Markaziy bank buni nazorat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
— Markaziy bank faoliyatida o‘zgarish, o‘sish borligi boshqa qo‘shni davlatlar bilan taqqoslanganda pandemiyadan keyingi davr sarhisobi misolida o‘z isbotini topmoqda, — dedi Senat Raisi. — Ammo shu bilan birga muammolar ham mavjud.

Bitta bankda kamchilikka yo‘l qo‘ygan, hatto jinoyat sodir qilgan bank mas’ulining boshqa bir bankka borib ishga joylashishi noto‘g‘ri. Tijorat banklariga yangi, yosh rahbar kadrlar tayinlash, ularni zamon talablariga mos ravishda ishni tashkillashtira oladigan qilib o‘qitish kerak.
Majlisda narxlar barqarorligini ta’minlashda pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanish va takomillashtirish hamda bank tizimi barqarorligini va to‘lovlar uzluksizligini ta’minlash borasida qator takliflar bildirildi. Shuningdek, senatorlar tomonidan tijorat banklari faoliyatini tartibga solishda xalqaro tan olingan standartlarni joriy qilish, banklarda kredit tavakkalchiligi hisob-kitobini yanada maqbullashtirish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA