Bank xizmatlari fermer dalasida
“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan mulk egalari vaqtini tejash va ularga yanada qulaylik yaratish maqsadida 130 dan ortiq tumanda monitoring markazlari tashkil etdi.
“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan mulk egalari vaqtini tejash va ularga yanada qulaylik yaratish maqsadida 130 dan ortiq tumanda monitoring markazlari tashkil etdi.– Bu xizmat orqali mulkdorlar faoliyatiga smart kartalar tatbiq etilmoqda, – deydi bankning Monitoring markazlari bilan ishlash markazi rahbari Murodjon Ochilov. – Unda fermer xo‘jaligining nomi, yetishtiradigan mahsuloti, mahsulot hajmi va qiymati kabi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘ladi. Bunday kartalar orqali onlayn tarzda xizmatlar ko‘rsatilgani bois pul mablag‘i tegishli tashkilotlarga 3-4 daqiqada o‘tkazib beriladi. Bu jarayonlarni bajarish uchun fermer bankka kelishi shart emas, barchasini daladan turib bemalol bajara oladi. Shu jarayonda fermerlarga paxta va boshoqli don yetishtirishdagi xarajatlari uchun 3 foizli sarmoyalar beriladi.
Milliy matbuot markazida “Agrobank” tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu kabi yangiliklar xususida so‘z yuritildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida moliya muassasalarining makroiqtisodiy barqarorligi ta’minlanib, tijorat banklarining resurs bazasi yanada mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
Uch million mijoz, xususan, 60 ming fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatayotgan “Agrobank” joriy yilning 1-iyun holatiga ko‘ra ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish maqsadida 427 milliard so‘mlik kredit yo‘naltirgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 520 milliard so‘mga yaqin kredit ajratilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 132 foiz ko‘p demakdir.
“Agrobank” sarmoyalar hajmini yanada kengaytirish maqsadida chet el kredit liniyalarini ham jalb etmoqda. Bank faoliyati “Mudis” hamda “Fitch Reytings” xalqaro reyting agentliklari tomonidan “Barqaror” deb baholab kelinmoqda.
Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.