Baliqchilik: imtiyoz va imkoniyatlar samarasi
Buxoro viloyatida baliqchilik xo‘jaliklari uchun 37,3 ming gektar yer maydoni ajratilgan.
Shundan 33,3 ming gektaridan foydalanilmoqda. Hududda 4,4 ming gektar yer maydonida intensiv baliqchilikni tashkil etish hisobidan 20 ming tonna «luqmai halol» yetishtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 5 mingdan ortiq aholi xonadonida yopiq aylanma suv tizimi orqali 6,8 ming tonna, sun’iy suv havzalarida 14,6 ming tonna, tabiiy suv havzalarida 5,1 ming tonna hamda tabiiy havzalarda qafas usulida 1,5 ming tonna, jami viloyat bo‘yicha 48 ming tonna baliq yetishtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Berilgan imtiyozlar tufayli viloyatda 2021 yilda baliq yetishtiruvchi xo‘jaliklar soni 349 taga yetdi. Baliq yetishtirish miqdori 24,7 ming tonnani tashkil etdi. Viloyat aholisining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib 2022 yilda 5 ming 500 ta xonadonda 177,4 milliard so‘mlik kredit sarmoyasi hisobiga baliq yetishtirish va shu maqsadda 2 ming 400 dona aerator tashkil etish ko‘zda tutilgan. Hozirda viloyatda 2 ta baliqchilik klasteri faoliyat ko‘rsatmoqda. Qo‘shimcha 3 ta baliqchilik klasteri tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 20 dekabr kuni baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan selektor yig‘ilishda baliqchilikni yanada rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmini ko‘paytirish hamda baliqchilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha qator topshiriqlar berildi. Baliqchilik xo‘jaliklariga bir qator imtiyoz va imkoniyat berish orqali ularni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.
Joriy yil 1 aprelidan boshlab 2025 yil 1 yanvariga qadar jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir martalik subsidiya ajratiladi. Joriy yil 1 yanvaridan boshlab «Har bir oila – tadbirkor» davlat dasturi doirasida intensiv usulda aholi xonadonlarida baliq yetishtirish bo‘yicha ajratiladigan kredit miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 300 baravarigacha oshirildi.

Bu miqdor 80 million so‘mgacha, yillik 14 foiz stavkada belgilandi. Aholi xonadonlarida baliq yetishtirish uchun asbob-uskuna ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga 2025 yil 1 yanvariga qadar sotilgan uskunalarning 25 foizi miqdorida subsidiya ajratilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan yuqori sifatli baliq omixta yemini ishlab chiqaruvchilarga ular xarajatlarining 30 foizini qoplash uchun subsidiya ajratilmoqda. Kooperatsiya asosida yiliga 80 tonnadan ko‘p baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan klasterlar 2022 yil 1 yanvardan boshlab uch yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari, barcha soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan, baliq yetishtiruvchi xonadon egalari yer va mol-mulk solig‘idan ozod etildi.
Prezidentimizning 2021 yil 3 martdagi «Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qaroriga muvofiq baliqchilik xo‘jaliklariga intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlari (losos, forel va osyotr) ning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘m, qolgan turdagi baliqlar uchun ming so‘m miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratilayotgani katta imkoniyatdir. Natijada 2021 yilda «Buxorobaliq» MCHJ baliqchilik klasterida umumiy qiymati 1,3 milliard so‘mga teng, 1,3 ming tonna baliq yetishtirilgan. Bu jarayonda Shofirkon tumanidagi “Fish klaster Bukhara” MCHJ da qiymati 637 million so‘mga teng 900 tonna baliq yetishtirilgan. Shu tumandagi «Nutfullo murabbiy» MCHJ da esa 50 tonna baliq yetishtirilgani, bu xo‘jaliklarga belgilangan tartibda subsidiya mablag‘i ajratilayotgani ham e’tiborga molik.

IBundan tashqari, 2021yilda baliqchilik xo‘jaliklaridagi yer va suv maydoni qayta xatlovdan o‘tkazildi. Shirin suv bilan ta’minlash choralari ko‘rildi. Jarayonda 86 ta baliqchilik xo‘jaligi faoliyati qayta tiklangan. Ular bank kreditlari bilan qo‘llab-quvvatlanayotgani ham katta yutuq, albatta. Baliqchilik xo‘jaliklarini doimiy to‘yimli ozuqa bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Natijada yil davomida 6,8 ming tonna baliq ozuqasi baliqchilik xo‘jaliklariga yetkazildi. Viloyatda mavjud 1 ming 182 gektar sun’iy suv havzasidan 245 gektar maydon intensivlashtirildi. Ularga jami 980 ta aerator o‘rnatildi. Intensivlashtirilgan suv havzalarda yetishtirilgan baliq mahsulotiga davlat tomonidan 2,3 milliard so‘mlik subsidiya ajratildi.
Viloyatda aholi bandligini ta’minlash maqsadida 2021 yilda «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida qiymati 16 milliard 600 million so‘mga teng imtiyozli kredit resurslari ajratildi. 473 ta aholi xonadonlarida baliq yetishtirish tashkil etildi.
Zarif Komilov, O‘zA