Bajarilmagan ishga subsidiyalar olingani aniqlandi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi yerlarining samaradorligini ta’minlash, suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandida 2021 yilda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilganligi uchun Davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini olgan, biroq joriy etilgan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini sug‘orish mavsumida ishlatishga ulgurmagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar mazkur tizimni 2022 yil sug‘orish mavsumiga qadar ishga tushirmagan taqdirda olingan subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytarilishini Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga qat’iy nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.
– Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida bir qator qonun buzilish holatlari aniqlandi, – deydi inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Kamil Allanazarov. – Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2021 yilda 5061 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan fermer va klaster korxonalariga davlat byudjetidan 40,5 milliard so‘m subsidiya mablag‘i ajratilgan. Shundan 9 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan 530 gektar paxta maydonida 4 milliard so‘mlik tomchilatib sug‘orish texnologiyasi to‘liq yakunlanib ishga tushirilmagan bo‘lsa-da, subsidiya ajratilganligi aniqlandi.
Holatlar yuzasidan paxta maydonlariga tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilinmasdan subsidiya mablag‘larini olgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt rahbarlariga 2022 yil sug‘orish mavsumiga qadar tomchilatib sug‘orish texnologiyalarni joriy qilmagan taqdirda subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda davlat byudjetiga qaytarilishi yuzasidan yozma ravishda ogohlantiruv berildi.
Bundan tashqari, joriy yilda tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbarlari ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Shu bilan birga, qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida profilaktika tadbirlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA