Bahorning qaytgani rost bo‘lsin
Bugun bahorning ilk kuni. Uyda qolib, uni ancha, ha, juda ko‘p vaqt ko‘rmadik hisob. Qishning qahratoni, izg‘irini o‘tgan 2020 yil bo‘yi yuraklarimizdan ketmadi, desak yanglishmaymiz.
Kuz oyoqlamay kelib olgan qish ketar jafosida yana o‘zini bir ko‘rsatib qo‘ydi. Hali kelib ulgurmasidan, barcha bir-birini ko‘klam bilan qutlay boshlagani bahor sog‘inchidan ekani aniq!
Barcha qattiqchiligu qiyinchiliklarga qaramay, mamlakat o‘z taraqqiyot yo‘lidan dadil bordi. Ilgari aytilmasdan kelingan kambag‘allikdek holatlar ochiq-oshkora aytila boshlandi. Muhtojga, qiynalganga, adashganga yelka tuta boshladik. Pandemiya xavfi avj olgan bir pallada mamlakatimizda mehr va saxovat, hamjihatlik yanada keng quloch yozib, umumxalq xayriya harakatiga aylandi.
Nogironlar, nuroniylar, bemorlar, muhtoju nomuhtoj oilalarning bariga e’tibor kuchaydi. Yangi-yangi tibbiyot maskanlari, madaniy-ma’rifiy muassasalar, ishlab chiqarish quvvatlari, ijtimoiy ob’ektlar barpo etildi.
Qatag‘on yillarida umri xazon bo‘lgan ma’rifatparvar bobolarimizning hayoti, merosini o‘rganish bo‘yicha ishlar jadal tus oldi. Tarixchi olimlar, soha mutaxassislari, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda sho‘rolar zamonida repressiyaga uchrashgan minglab yurtdoshlarimizning pok nomlarini tiklash, ularning chirqiragan ruhiga bag‘ishlab Xotira kitobini yaratish ustida jadal ish olib borilmoqda.
Ona tilimizning mavqei va maqomini kuchaytirishga, jahon taraqqiyot yo‘lini yoritishga hissa qo‘shgan allomalarimiz merosini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. Islom dinining ilm-fan yo‘lini munavvar etgan, ma’rifatparvar, tinchlikparvar g‘oyasi, olijanob, ulug‘vor maqsad-muddaolariga, mohiyatiga yanada teranroq ahamiyat qaratmoqdamiz.
Yurt kelajagi bo‘lgan yoshlarga, ayollar, qizlarga bo‘lgan e’tibor, g‘amxo‘rlik qog‘ozlaru, quruq gaplardan, dabdabali tadbirlardan hayotimizga ro‘y rost kirib kelmoqda. Yangilanayotgan O‘zbekistonimizga yangilanish, yasharish fasli muborak bo‘lsin!
Ha, bahorning qaytgani rost bo‘lsin!
N.Usmonova, O‘zA