Bag‘dod tumanida 252 nafar fuqaroga subsidiya berildi
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani «Muruvvat» mahalla fuqarolar yig‘inida zamonaviy shaharcha barpo etilmoqda.
Bu yerda 1 pod’ezdli 61 ta ko‘p qavatli uylarda 1 ming 220 ta xonadon turar joylari barpo qilindi. Quvonarlisi, yangi va zamonaviy xonadonlarni sotib olishda qulaylik yaratish maqsadida fuqarolarga subsidiyalar taqdim etilmoqda.
Bedarak qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Iqboljon Rahmonov tumandagi 25-umumta’lim maktabida o‘qituvchi. U bir necha yillardan buyon yosh oilasi uchun shinamgina xonadon sotib olish niyatida edi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martda qabul qilingan «Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori Iqboljonning og‘irini yengil qildi. Davlat subsidiyasi asosida «Muruvvat» mahalla fuqarolar yig‘inidan uy sotib oldi.
–Ziyolilar oilasidanman, – deydi I.Rahmonov. – Ota kasbim tufayli baraka topdim. Ancha yillardan buyon uy olish uchun biroz mablag‘ jamg‘arib qo‘ygandik. Lekin bilasiz, ro‘zg‘or «g‘or» deyishadi. Yiqqan sarmoyamiz uy olish uchun yetmadi. Lekin, bizlarga 150 million so‘m miqdorida subsidiya ajratilgani orzularimizga qanot bo‘ldi. Tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari sayyor tartibda maxsus avtobusda subsidiya berish to‘g‘risidagi sertifikatni menga topshirdi. Butun oilamiz bilan xursandmiz.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, shu kunga qadar Bag‘dod tumanida subsidiya olish istagini bildirgan fuqarolardan 762 ta arizalar kelib tushgan. Shundan 252 ta murojaatga ijobiy baho berilgan.

M. Sulaymonov, O‘zA