“Ayritom” da psixotrop dori fosh etildi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona posti xodimlari qo‘shni davlatdan g‘ayriqonuniy olib o‘tishga urinilgan 400 dona psixotrop tabletkani ushlab qoldi.
Qo‘shni davlatdan chegara-bojxona postiga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilayotganida avtomobil kabinasi salon qismida yashirilgan rangsiz polietilen paket ziyrak bojxonachilar e’tiborini tortdi. Paket ko‘zdan kechirilganida unga joylangan turli dori vositalari orasida 400 dona “Clonazepam Sobhan 2” nomli psixotrop tabletkalar borligi aniqlandi.


Amaldagi qonunchiligimizda psixotrop moddalarning mamlakatimiz hududidagi muomalasi qat’iy tartibga solingan. Shunga ko‘ra ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish yoki tranzit tarzda o‘tkazish faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Ayni paytda holat yuzasidan bojxona organi xodimlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri