Ayolning joni balki qirq bittadir?
Xalqimizda “Ayolning joni qirqta boʻladi”, degan gap bor.
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Xalqimizda “Ayolning joni qirqta boʻladi”, degan gap bor. Bu taʼrifda biroz kamchilik borday. Aslida, ayol zotining joni undan ham koʻproq.
Bunga tarix ham, bugungi zamon ham guvoh. Ayniqsa, mashhur Belarus yozuvchisi Svetlana Aleksiyevichning “Ayolning urushdan yiroq qiyofasi” asarida snayperchi, aloqachi, tankchi va xullas erkaklarga xos vazifalarni bajargan ayollar, ularning qirgʻinbarot janglarda koʻrsatgan jasorati ham bu nozik xilqat vakillarining irodasini namoyon etadi.
Karmanalik Dilfuza Tursunova ham mana 14 yildirki, Navoiy viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yongʻin-texnik markazi ekspert-mutaxassisi vazifasida mehnat qilmoqda. Bu ayolning jasorati ham erkak safdoshlarinikidan aslo kam emas. Tasavvur qiling-a, oʻt oʻchiruvchi ayol!
Dilfuza opa bilan suhbatimizni boshlashdan avval, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan tabriklab, ayyomni qanday kutib olish rejasini soʻradik. Javob ham qatʼiy boʻldi: ishdan ortib, anʼanaga koʻra oila davrasida kutib olaman. Agar yarim tunda topshiriq boʻlsa, xizmatga otlanamiz.
Oʻt oʻchiruvchi opaning ushbu kasbga qiziqishi Buxoro yuridik texnikumini tamomlagach boshlangan. Maqsadiga erishdi. Eng qizigʻi, uning turmush oʻrtogʻi ham viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi dispetcheri.
Shu oʻrinda opani yana bir savolga tutdik: yarim tunda ikkalangizga ham birdek xizmatdan qoʻngʻiroq boʻlib qolsa, nima qilasiz? Topshiriq bajarilishi kerak, oila birinchi oʻrinda boʻlsa-da, yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi undan-da muhim. Ana shunday yuksak masʼuliyatni yelkasiga olgan ayolning joni haqiqatan ham balki qirq bittadir?!
– Vazifamiz shunchalik masʼuliyat talab etadiki, voqea joyiga oʻz vaqtida yetib borish shart, – deydi D.Tursunova. – Keyin olov egallagan maydonni aniqlab, voqea sabablarini oʻrgana boshlaymiz. Murakkab vaziyatlarda ham falokatning asl sababini aniqlab, xulosa beramiz. Bizda xatoga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuning uchun kasbimiz sinchkovlik, aniqlik va tezkorlikni talab etadi. Ayol boʻlsam ham shu kasbning boshini tutdimmi, demak barcha vazifani uddalashim shart. Ishdan ortib, farzand tarbiyasi, roʻzgʻor tashvishiga ulgurishga harakat qilaman. Turmush oʻrtogʻim bilan bir sohada xizmat qilganim bois, doimo u insonning ham yordamiga suyanaman. Ota-ona koʻp vaqtini ishda va mehnatda oʻtkazsa, bola voyaga yetavergach kimdandir maslahat olishga oshiqadi. Hayotni oʻrgangisi keladi. Oiladan mehr izlaydi. Ana shu jihatlarni alohida inobatga olib, oilam uchun vaqt topib, farzandlarimning oʻy-fikrlari, orzulari, qaysi kitoblarni mutolaa qilayotgani bilan qiziqaman. Shahar boʻylab oilaviy sayohatga chiqamiz. Ayniqsa, tarixiy shaharlarni ziyorat qilib turamiz. Mana koʻrdingizmi, hayotimizni rejali qilib olsak, hammasiga ulguramiz. Bunga faqat qunt va xohish boʻlsa bas.
Ha, aytganday, jasoratli Dilfuza opaning toʻngʻich oʻgʻli onasining yoʻlidan bormoqda. U Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida tahsil olmoqda.