Ayollari e’zozlangan yurt obod va farovon bo‘ladi
Mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlab, har taraflama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Gender tenglik masalasiga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda qulay muhit yaratgan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingani jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlab, tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishni kuchaytirdi.
Mazkur qonunga ko‘ra, ayollar jamiyatda hech qanday tazyiq va zo‘ravonliklarga uchrashiga, jinsiy kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ayollarning haq-huquqlari ta’minlanishi qat’iy nazorat ostiga olinib, ularning jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun ko‘mak beriladi. Bu norma xotin-qizlar har qanday ko‘rinishdagi kamsitilish va tazyiqlardan xoli ekanini tasdiqlaydi. Mamlakatimizda ushbu qonun qabul qilingunga qadar ayollarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishlarda ishtiroki nisbatan kam foizni tashkil etgan bo‘lsa, endilikda ayollar erkaklar bilan boshqaruv ishlarida teng qatnashish huquqiga ega ekani kafolatlab qo‘yildi. Chuqur bilim va salohiyatga ega, dunyoqarashi keng ayollar hamisha jamiyat taraqqiyotida alohida o‘ringa ega bo‘lgan. Shu bois xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun katta imkoniyat yaratildi.
Oliy Majlis Senatining qarori bilan O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinib, qishloq joylarda qizlarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi muhim masalalarni o‘z ichiga olgani ham xotin-qizlarning faxr-iftixor tuyg‘usini yuksaltirdi. Qonuniylik, demokratiya, ochiqlik va oshkoralik gender tenglikni ta’minlashning asosiy tamoyili etib, belgilandi. Shu o‘rinda aytish kerakki, mehnat qonunchiligimizda ham ayollarga bir qator imtiyoz va kafolatlar berilgan. Jumladan, homiladorligi yoki 3 yoshga to‘lmagan farzandi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador ayolni yoki 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, ish beruvchi rad etishning sabablarini yozma tarzda ma’lum qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko‘rsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ish joylarida o‘rtacha oylik ish haqlari saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi. Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ish berish masalasi hal etilguniga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb etishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi. Ish vaqtining qisqartirilgan muddati davrida ushbu ayollar mehnatiga haq har kungi to‘liq ish kuniga to‘lanadigan ish haqi miqdorida maosh olishlari ta’minlanadi. Nogiron bolasini tarbiyalayotgan ota-onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola o‘n olti yoshga to‘lguniga qadar davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari hisobidan bir kunlik ish haqi miqdorida haq to‘langan holda oyiga qo‘shimcha bir kun dam olish kuni berilishi ham qonun bilan belgilab qo‘yilgan.
Milliy qonunchiligimizda aks etgan bunday imtiyoz va kafolatlar xotin-qizlarning Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi faolligini yanada oshirishga, ayollarning oilasiga ko‘proq vaqt ajratib, bola tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirishi uchun qulay sharoit yaratish va jamiyatimiz poydevori bo‘lgan oilani mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Dilorom Almuratova,
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi