“Ayollarga ko‘mak” loyihasi – muammolar yechimi
Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan muhim vazifalarning joylardagi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va Taxtako‘pir tuman Kengashi tomonidan “Ayollarga ko‘mak” loyihasi o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, asosiy maqsad, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, ”Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boqimandalik kayfiyatida yurgan shaxslar muammolarini bartaraf etishda ko‘mak berish orqali oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, kam ta’minlangan, ish bilan ta’minlanmagan, nogironligi bo‘lgan insonlarning xohish va qobiliyatiga qarab kasb-hunarga o‘qitish, ularga xususiy tadbirkorlik, tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun imtiyozli kredit ajratishda ko‘maklashishdan iborat.

Loyiha doirasida tadbir ishtirokchilari “Taxtako‘pir” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududidagi “Taxta chevar qo‘llari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, u yerdagi ayollarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Jumladan, bu yerda band bo‘lmagan ayollar chevarlikka o‘qitilib, maxsus sertifikat beriladi. Sertifikat olgan ayollar shu fabrikada ish bilan ta’minlanadi.
So‘ng partiya mas’ullari va deputatlar tomonidan “Taxtako‘pir” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi II guruh nogironligi bo‘lgan Oyimxan O‘rinbetovaning holidan xabar olindi. U uzoq yildan buyon yuragidagi kasallik bezovta qilayotgani sabab davolanish uchun order olishda yordam so‘radi. Shuningdek, A.O‘rinbetovaning 2001 yilda tug‘ilgan I guruh nogironligi bo‘lgan qiziga tikuv mashinasi berilgan bo‘lib, u ko‘rpa-to‘shaklar va boshqa ro‘zg‘or buyumlarini tikish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Ushbu hududda yashovchi Bog‘dagul Kobeysinova boquvchisidan ayrilgan va onkologik kasallikka chalingan. Nogironlikka chiqishiga hamda ijarada yashayotganligi sababli uy bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘radi.
Xalq deutatlari Taxtako‘pir tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolari tomonidan ushbu murojaatlarni ijobiy hal etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi va amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA