Ayollar va yoshlar jinoyatchiligi kamaymoqda
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati, tuman va shahar sudlari tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida 3 ming 921 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 830 ta jinoyat ishi koʻrib chiqildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati, tuman va shahar sudlari tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida 3 ming 921 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 830 ta jinoyat ishi koʻrib chiqildi.
3 ming 237 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 217 ta jinoyat ishi boʻyicha hukm chiqarilib, 580 nafar shaxsga nisbatan 545 ta jinoyat ishi tugatildi. Shuningdek, 54 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi va ajrim chiqarildi.
Mahalla, Yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qoʻmitasi jamoatchilik tashkilotlari vakillarining kafillik xatlari asosida 133 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlandi.
Sudlanuvchi shaxslarning 398 nafarini ayollar tashkil qilib, ular oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 24,5 foizga kamaygan. Oʻz navbatida sudlanuvchilarning 39,1 foizini yoshlar tashkil etgani holda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 27,1 foizga kamaygan.
Toshkent viloyati Jinoyat, Fuqarolik, Maʼmuriy va Iqtisodiy sudlari hamkorligida joriy yil 9 oyi yakunlariga bagʻishlab oʻtkazilgan navbatdagi brifingda shu haqda maʼlum qilindi.
Prezidentimizning 2018-yil 13-iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, sudlar faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning oʻrinbosarlari tomonidan brifinglar oʻtkazilishi belgilangan edi.
Mazkur farmon ijrosi yuzasidan tashkil etilgan navbatdagi anjumanda viloyat, tuman va shahar sudlari raislari, keng jamoatchilik vakillari va ommmaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Unda viloyat sudlari tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
– Shu davrda 15 ming 225 ta fuqarolik ishi koʻrib, tamomlandi, – deydi Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi raisi Olimjon Ismoilov. – Ulardan 12 ming 603 tasi boʻyicha hal qiluv qarori chiqarilgan boʻlib, 10 ming 881 ta daʼvo qanoatlantirildi. Shuningdek, daʼvogar talabidan voz kechganligi, taraflar kelishuv bitimini tuzganligi, nikohdan ajratish haqidagi ishlar er-xotin yarashganligi kabi sabablar bilan 750 ta ish tugatildi. Koʻrilgan ishlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga kamaygan.
Viloyat va tumanlararo Iqtisodiy sudlari tomonidan sudlarga kelib tushgan 13 ming 678 ta ariza va daʼvo arizasining 10 ming 522 tasi mazmunan koʻrib chiqilib, 8 ming 952 ta daʼvo arizasi qanoatlantirilgan. 1 ming 10 tasi rad qilingani holda 434 ta daʼvo koʻrmasdan qoldirilib, 126 ta daʼvo boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Hal etilgan ishlar boʻyicha 1 trillion 501 milliard 881 million 410 ming soʻm mikdoridagi qarz va yetkazilgan moddiy zararlarni daʼvogarlar foydasiga undirish yuzasidan qarorlar qabul qilingan.
Sud qaroriga asosan undirilishi belgilangan davlat bojlari miqdori shu davrda qariyb 132 milliard 187 million soʻmni, ixtiyoriy toʻlangan davlat bojlari miqdori esa 1 milliard 478 million soʻmdan ortiqni tashkil etgan.
Sudyalar tomonidan iqtisodiy nizolarni koʻrish jarayonida aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 226 ta sud taʼsir choralari qoʻllanilgan. Xususan, 41 nafar shaxs maʼmuriy, 100 nafar shaxs moddiy javobgarlikka tortilgan. Intizomiy chora qoʻllash haqida 56 ta, boshqa qonun buzilish holatlarining oldini olish haqida 29 ta xususiy ajrim chiqarilib, tegishli idoralarga yuborilgan.
Viloyat, tuman (shahar) maʼmuriy sudlari tomonidan shu davrda 31 ming 37 nafar shaxsga nisbatan 26 ming 90 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar birinchi bosqichda koʻrib tamomlangan. Koʻrib tamomlangan ishlar boʻyicha 14 ming 628 nafar shaxsga nisbatan 13,2 milliard soʻmlik jarima, 281 nafar shaxsga nisbatan maxsus huquqdan mahrum qilish, 2 ming 438 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy qamoq, 88 nafar shaxsni respublika hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish jazosi tayinlangan.