“Ayollar sport olimpiadasi”da Qoraqalpog‘iston jamoasi 1-o‘rinni egalladi
Mamlakatimizda xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, faol hayot tarziga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda ularning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da “Yangi O‘zbekiston ayollari sport olimpiadasi” musobaqalari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Respublikamizning barcha hududlaridan kelgan xotin-qizlar stol tennisi, shaxmat, shashka va yengil atletika sport turlarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Musobaqalar oldidan tashkil etilgan ertalabki badantarbiya mashqlari hamda “Besh ming qadam” yurish marafoni “Ayollar sport olimpiadasi”ga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik va birdamlikni targ‘ib etish, salomatlikni mustahkamlash, giyohvandlikka murosasiz muhitni yaratish hamda faol hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Ayollar sport olimpiadasi”ning g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, stol tennisi, shaxmat, shashka hamda yengil atletika bo‘yicha g‘olib hamda sovrindorlar aniqlanib, diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
18 yoshdan 30 yoshgacha hamda undan yuqori yoshdagi xotin-qizlar o‘rtasidagi musobaqalar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 2-o‘rinni Navoiy viloyati hamda 3-o‘rinni Toshkent shahri jamoalari qo‘lga kiritdi.
Sovrindorlarni taqdirlash marosimida Bosh vazir o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova, sport vaziri Adham Ikromov, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova ishtirok etdi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA