Ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati qoldirildi
Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA) joriy yil 6-19 dekabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi XII jahon chempionatini keyingi yil mart oyiga qoldirdi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, AIBAning bunday qarorga kelishi dunyoda koronavirusning keng yoyilishi sababli ko‘pgina milliy federatsiyalarning qiyin axvolda qolayotganligi bilan izohlagan.
Ushbu jahon chempionatining qoldirilishi dunyoda ayollar havaskor boksining rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Boisi, 2019 yildan beri o‘tkazilmayotgan dunyo birinchiligining 2021 yil Turkiyada tashkil etilishi AIBA tomonidan bir yarim yil muqaddam e’lon qilingan edi. Shundan so‘ng jahondagi barcha xotin-qiz bokschilar shu yo‘nalishda tayyorgarlik ko‘rayotgandi.

Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi rahbari Umar Kremlyovning ta’kidlashicha, AIBA direktorlar kengashining bunday qarorga kelishi oson bo‘lgani yo‘q. Ammo sportchilar, ayniqsa, ayol bokschilarni epidemiologik talafotlardan asrash hammasidan muhim bo‘lganligi tufayli jahon chempionati Turkiya boks federatsiyasi bilan kelishilgan holda 2022 yilning mart oyiga qadar kechiktirildi.
Ma’lumki, mazkur jahon chempionatida munosib ishtirok etishni ko‘zlagan O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ayni kunlarda tayyorgarlik mashg‘ulotlarini Toshkent viloyatidagi “Yangiobod” sport bazasida davom ettirayotgandi. Jahon chempionatining keyinga qoldirilganligi munosabati bilan O‘zA muxbiri boks bo‘yicha ayollar terma jamoasi katta murabbiyi Elshod Rasulov bilan bog‘lanib, ushbu vaziyat va chempionat qoldirilganligi munosabati bilan tayyorgarlik mashg‘ulotlarining qay yo‘sinda davom etishi xususidagi fikrlari bilan qiziqdi.

- Albatta, jahon chempionatining kechiktirilishi biroz noqulaylik tug‘dirganligi bor gap. Ammo kayfiyatni tushirganimiz yo‘q. Doimiy tarzda mashg‘ulotlarni davom ettiryapmiz. O‘quv-yig‘in ishlab chiqilgan reja asosida 20 noyabrga qadar davom etadi. Undan so‘ng, agar O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan muzokaralar o‘z samarasini bersa, 24 noyabr-4 dekabr kunlari Turkiyada 4 ta davlat – mezbonlar, Irlandiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston bokschi qizlari o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulot va tekshiruv janglarini o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Bu qo‘shma mashg‘ulot va tekshiruv janglarini o‘tkazishdan asosiy maqsad, Parij-2024 olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik dasturida belgilangan strategiyaga muvofiq bosqichma-bosqich bokschi qizlarimizning texnik-taktik mahoratini oshirib borish. Bundan tashqari, keyingi yil yanvar oyida Toshkentda 19-22 yoshli qizlar o‘rtasida o‘tadigan Osiyo chempionatida qatnashadigan sportchilarimizni yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazish, - dedi E.Rasulov
Eslatib o‘tamiz, ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati bundan ikki yil muqaddam Rossiyaning shimoliy maskanlaridan biri bo‘lgan Ulan-Udeda tashkil etilgandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA