“Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarning salomatligi tiklanmoqda
Qaror va ijro
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan davolanishga muhtoj yoxud qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan xotin-qizlarning davolanishi uchun davlat tomonidan mablag‘lar ajratilmoqda.

Buxoro viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan davolanishga muhtoj yoxud qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan viloyat bo‘yicha 90 nafar xotin-qiz bosqichma-bosqich “Jo‘yzar” ixtisoslashgan reabilitatsiya va sog‘lomlashtirish ilmiy-tadqiqot markazida davolanish uchun Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan joylashtirildi.
– Xotin-qizlar sog‘ligiga qayg‘urish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan, –deydi Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin qizlar boshqarmasi boshlig‘i Firuza Ibragimova. – Mamlakatimizda bu borada qator vazifalar va chora-tadbirlar belgilangan. Yildan-yilga ayollarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanmoqda.

Ajratiladigan mablag‘lar ham sezilarli oshirilmoqda. Mazkur markaz yurak- qon tomir, xarakat tayanch sistemasi, nevrologik va oshqozon-ichak kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Davolanish davomida ayollar EKG va UTT tekshiruvlari, shuningdek, tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, fizioterapevtik va reabilitatsion muolajalar olishadi.
Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan hamkor tashkilotlarni jalb qilgan holda dam oluvchilar uchun uyda o‘tirib daromad topish mumkin bo‘lgan kasb-hunarlar yarmarkasi, monomarkaz tomonidan master-klass, psixologlar treningi va turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri