“Ayollar daftari” – yangi imkoniyatlar asosi
Koʻksida shunday goʻzal, jannatmakon mamlakatning fuqarosi boʻlishdek gʻururni tuyib, obod hamda farovon hayot kechirish, buyuk davlat barpo etish yoʻlida fidokorona mehnat qiladi.
Har bir oʻzbekistonlik oʻzi yashab turgan ozod va mustaqil Vatani bilan faxrlanadi.
Koʻksida shunday goʻzal, jannatmakon mamlakatning fuqarosi boʻlishdek gʻururni tuyib, obod hamda farovon hayot kechirish, buyuk davlat barpo etish yoʻlida fidokorona mehnat qiladi.
Bu vatanparvarlik tuygʻulari esa bevosita ona allasidan farzand qalbiga muhrlanib boradi. Shunday ekan, bugun Prezidentimiz tomonidan ayollarga qaratilayotgan eʼtibor ham bejiz emas.
Xususan, yaqinda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida jamiyatda ayollar rolini oshirish hamda bandligini taʼminlashga oid bir qator masalalar muhokama etildi. Har bir hududda “Ayollar daftari” shakllantirilib, qoʻllab-quvvatlashga muhtoj ishsizlar kiritilishi va manzilli ish yoʻlga qoʻyilishi aytildi.
Shuningdek, bu masʼuliyatli ishga Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi kabi bir qator hamkor tashkilotlar biriktirilgani hech bir xotin-qiz davlat eʼtiboridan chetda qolib ketmasligini taʼminlaydi.
Xatlov ishlariga jalb qilingan mutaxassislar uyma-uy yurish orqali ayollar bilan muloqot qilib, ularning ehtiyojlari, qiziqishlarini aniqlagan holda anketa soʻrovnomalarini qayd etib boradi. “Ayollar daftari”ga har bir hududda istiqomat qilayotgan, 30 yoshdan oshgan, ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlash, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji hamda ishtiyoqi boʻlgan, shuningdek, bandligi taʼminlanishi kerak boʻlgan xotin-qizlar kiritiladi.
“Ayollar daftari” qanchalik ahamiyatga ega?
Anketa soʻrovnomasi bilan tanishar ekansiz, unda ayollarimizning barcha ehtiyojlariyu orzu-umidlari hamda muammolaridan kelib chiqqan holda tuzilganiga amin boʻlasan, kishi. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. Xoʻsh, bugun nima uchun “Ayollar daftari” zarur boʻlib qoldi?
Donishmandlarning: “Dunyodagi barcha faxr-iftixor ayol tufayli bunyod boʻladi. Quyoshsiz gullar ochilmagani kabi, muhabbatsiz baxtga erishib boʻlmagani kabi, ayol boʻlmas ekan – shoir ham tugʻilmaydi, qahramon ham”, – deya aytilgan purmaʼno hikmati necha asrlar oʻtsa-da, oʻz qadr-qimmatini yoʻqotgani yoʻq.
Darhaqiqat, ayol – mushtipar ona, suyukli yor, mehru muhabbatga limmo-lim toʻlgan opa-singillar, sevimli qizlarimiz! Ular bor ekan millatning ertasi, kelajagi bor. Chunki har qanday millatni, xalqni tarbiyalovchi ayollardir.
Shu onda bu daftar orqali olis hududlarda oʻz tashvish-oʻylariga oʻralashib, dardini aytolmay yurgan qanchadan-qancha ayollarimiz koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Boquvchisini yoʻqotib, joʻjabirday jon boʻlgan bolalarining koʻziga termilib turgan onalar, uzoq muddat chet elda sarsonu sargardonlik koʻchalarida qolib, qiyinchiliklar chegarasidan oʻtolmay, ne-ne mashaqqatlar bilan yurtimizga kelib, qay ishga bosh suqishni bilmay turgan ayollar jonlanadi xayolimizda.
Odam savdosi qurboni boʻlgan, oilaviy zoʻravonliklar zalolatida ajrim yoqasiga kelib qolgan, bolasiga “Sen endi yetim boʻlib qolding” deyolmay turgan opa-singillarimiz koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Sanayversak sanogʻi tugamaydigan muammolarga yechim topish vaqti keldi.
“Ayollar daftari” – muammolar yechimiga eltuvchi yoʻl
Bugun davlatimiz rahbari tomonidan “Ayollar daftari”, deya boshlangan xayrli ish barcha hududlarda tizimli davom etmoqda. Xususan, Xatirchi tumanida tashkil etilgan ishchi guruh vakillari ham uyma-uy yurib, har bir fuqaro bilan suhbat qurib, ular ishtirokida soʻrovnomalarni toʻldirmoqda. Ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bandligini taʼminlashga ehtiyoji boʻlgan 30 yoshdan yuqori xotin-qizlar “Ayollar daftari”dan joy olmoqda.
Bugungi kunda Xatirchi tumanida 36 ming 667 ta xonadon, 45 ming 731 ta oila mavjud boʻlib, “Ayollar daftari”ning yuritilishi boʻyicha har bir mahalla fuqarolar yigʻinida maxsus ishchi guruh shakllantirildi. Ular har bir ayolning muammolarini oʻrganish, ularga koʻmak berish maqsadida soʻrovnomalarni toʻldirmoqda.
Bu esa ayollarni qiynayotgan turli sohalardagi chigalliklar oʻz yechimini topishiga asos boʻladi. Har bir ayol hayotning barcha pogʻonalarida qoqilmasdan, dadil qadam tashlashi uchun yurtimizda imkoniyat eshiklari ochilganligi ayni haqiqat. Yurtboshimiz tomonidan har bir viloyat, shahar-tuman hokimliklariyu mahalla raislarigacha “Ayollar daftari”ni yuritish, ular davlat nazoratida ekanligini anglashi uchun tushunchalar berish lozimligi aytib oʻtilganida ham katta maʼno mujassam.
Jamshid XODJAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi