“Ayollar daftari” opa-singillarimizda ertangi kunga ishonch uyg‘otmoqda
Mamlakatimizda ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar muammosini o‘rganish va hal etishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu borada “Ayollar daftari” xotin-qizlarning nafaqat ijtimoiy, balki hayotiy muammolariga ham yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
Buni poytaxtimizning Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi Gulnoza Soliyeva misolida ham ko‘rish mumkin. U o‘tgan yili “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi.

Necha yildirki, Gulnoza Soliyeva kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatida edi. Turmush o‘rtog‘ining ham tayinli kasbi yo‘q. 2 nafar farzandi bilan doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan ota-ona yollanma ishlarda ishladi.
Gulnoza opaning qo‘lida guldek hunari bor. Qo‘ni-qo‘shnisining kiyim-kechagini tikib, ro‘zg‘or tebratdi. To‘g‘ri, qiynalgan kunlari mahalla-ko‘y qarab turmadi. Ammo yotib yeganga tog‘ ham chidash bermaydi.

Gulnoza opa mahallasiga “Ish bo‘lsa, ro‘zg‘orimizga to‘rt-besh so‘m daromad kirardi”, - degan taklifni bildirdi. Mahalla raisi uni “Ayollar daftari”ga kiritdi.
Bir so‘z bilan aytganda, ishsizlik bir qator oilalarni tentiratib qo‘ygani bor gap. Davlatimiz g‘amxo‘rligi tufayli qiyinchiliklar ortda qoladigan bo‘ldi. Gulnoza opa singari ishsiz ayollar katta buyurtma va daromad ilinjida g‘ayrat bilan ishga kirishmoqda. “Ayollar daftari” opa-singillarimizga umid, ertangi kun ishonch uyg‘otmoqda. Amaldagi samara esa kundan-kunga yanada yaqqolroq namoyon bo‘la boshladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YSubqNQhlFc" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA