Ayolini ardoqlagan elning ertasi nurafshondir
Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda
O‘zbekiston aholisining yarmini xotin-qizlar tashkil qiladi. Yurtimizda salkam 17 million ayol istiqomat qilmoqda. Bu jihatdan mintaqada peshqadammiz. Harqalay, salmoq o‘z yo‘liga, asosiy masala mamlakatdagi inson resursini yuqori sifat darajasiga ko‘tarishdan iborat.
Axir, bugun minglab opa-singillarimiz ijtimoiy ta’minotning haminqadarligi, ishsizlik va yo‘qchillik sabab og‘ir turmush sharoitida ezilib yashayotgani, oilaviy zo‘ravonlik hamda tahqirlashlarga duchor bo‘layotgani sir emas-ku. Yillar davomida qanchadan-qancha ehtiyojmand ayollar, yolg‘iz, ko‘p bolali yoki nogiron farzandi bor onalardan birov hol so‘rmagani, na davlat, na mahalla idoralari ularga yordam qo‘lini cho‘zmagani, kezi kelsa, mutasaddilar real ishlar o‘rniga soxta hisobotlarni tayyorlashga zo‘r bergani ham ayni haqiqat. Bunday holatlardan yuz o‘girib bo‘lmaydi. Kamchiliklarni o‘zimiz aniqlab, tuzatmas ekanmiz, xalqni rozi qilish, farovon hayot va porloq kelajakka intilish befoyda.
Shu bois millionlab o‘zbekistonlik ayollarning buguni va istiqboli haqida Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan qayg‘urmoqda. U atrofidagilardan ham mana shunday kuyunchaklikni, masalaga chuqur mulohaza va teran aql bilan yondashishni talab qilyapti. Zotan, vaziyat chunonam jiddiy tus olgan. Buni xotin-qizlarning ijtimoiy ta’minotidan tortib psixologik salomatligini mustahkamlashgacha bo‘lgan ko‘plab chora-tadbirlar ijrosiga davlat katta kuch va resurslarni safarbar etganidan ham bilsa bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 8 oktyabr kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddi vazirlik va tashkilotlar oldiga xotin-qizlar muammolarini mahallalar bo‘yicha o‘rganib, kompleks hal etish vazifasini ko‘ndalang qo‘ygandi. O‘shanda ilk bor “Ayollar daftari”ni yaratish va joriy etish zarurati haqida so‘z yuritilgan.
Ehtiyojmand ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat darajasiga ko‘tarilgani hamda davlat rahbarining shaxsiy nazoratiga olingani bejiz emas, albatta. O‘ylab qarasak, jamiyatdagi aksar fundamental muammolar ayol zotiga yetarli e’tibor qaratmaslik, uni qadrlamaslik oqibatida kelib chiqmoqda. Ayol xo‘rlansa, oilada nosog‘lom ma’naviy muhit shakllanadi, ayol bebosh bo‘lsa, jinoyatga yo‘rg‘alaydi, ayol kasalmand bo‘lsa, millat genofondi buziladi, ayol ilmu ma’rifatdan uzoqlashsa, farzandlar tarbiyasiz o‘sadi. Bu alal-oqibat mamlakat taraqqiyotiga bolta urishi muqarrar. Demak, og‘ir hayotiy vaziyatlarga tushgan xotin-qizlarni yolg‘izlatib qo‘yish o‘z-o‘zimizga xiyonatdir.
O‘zbekistonning bugungi rahbariyati ushbu haqiqatni chuqur anglagan. Shu sababli ayollar bandligini ta’minlash, ijtimoiy ahvolini yaxshilash, huquqiy himoyasiyu salomatligi yo‘lida hech qanday kuch va mablag‘ni ayayotgani yo‘q.
2021 yilning 26 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida ayollar masalasiga bag‘ishlangan navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga aniqlangan muammosiga qarab manzilli yordam ko‘rsatish mexanizmlari muhokama qilindi. Har qaysi davlat organi, joylardagi hokimlardan tortib mahalla raislarigacha – barcha ijrochilarning bu boradagi mas’uliyati aniq belgilab olindi.
Shu o‘rinda e’tiboringizni bir jihatga qaratsak. Xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash ishlarini markazlashtirilgan holda tashkil etish tajribasi dunyoning bironta mamlakatida mavjud emas. Hech qaysi davlat millionlab ayollarning dardu tashvishlari bilan qiziqmaydi. Ularning xonadoniga kirib, yashash sharoitiyu kam-ko‘stini o‘rganmaydi. Yordamga muhtoj ayollarni alohida daftarga kiritib, og‘irini yengil qilish haqida qayg‘urmaydi. Bu borada O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga, tom ma’noda, o‘rnak, namuna ko‘rsatmoqda.
Umr bo‘yi turmush tashvishlariga ko‘milib, qachondir ro‘shnolik ko‘rish, muammolar girdobidan qutulishni orzu ham qilmay qo‘ygan bir mushtipar ona kutilmaganda davlatning bunday e’zoziga sazovor bo‘lgach, qay holatga tushishini tasavvur qiling-a. Shuning o‘zi uning uchun baxt emasmi?!
“Ayollar daftari” deb nomlangan unikal tizim orqali O‘zbekiston kambag‘allikka qarshi kurashish sari dadil qadam tashlagani alohida ahamiyatga molikdir. Ochig‘ini aytaylik, bunday zalvorli vazifani har qaysi mamlakat ham gardaniga ololmaydi. Birinchidan, mas’uliyati katta. Axir, ehtiyojmand ayollarga manzilli yordam ko‘rsatish har birining muammosiga individual yondashgan holda yechim izlashni talab qiladi. Bunda tayyor andozalar yo‘q. Samarali usul va mexnizmlarni joylardagi mutasaddilarning o‘zlari yaratib qo‘llashi zarur. Qolaversa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammosini hal qilish ishning yarmi, xolos. Ularning keyingi taqdiriga befarq qolmaslik ham juda muhim. Gap ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning sifat-samarasi haqida xulosa chiqarish imkonini beradigan monitoring tizimi xususida bormoqda.
Harqalay, davlatimiz o‘z zimmasiga olgan vazifa qo‘lamdorligi va tashkiliy jihatdan murakkabligi bilangina zalvori emas. Og‘ir hayotiy vaziyatda qolgan ayollarni ijtimoiy faol sub’ektlarga aylantirish – ham o‘ziga bo‘lgan ishonchi, ham kelajakka umidini oshirish va shu asnoda ularni mamlakat iqtisodiy ravnaqiga xizmat qila oladigan nodir inson resursiga aylantirish katta investitsiyani talab qiladi. O‘zbekistonda shunday sarmoya bor. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilda davlat byudjetidan 2,5 trillion so‘m ajratildi. Turgan gapki, uning har bir tiyini nafaqat kerakli manzilga yetib borib, oqilona sarflanishi, balki davlat va jamiyatga bundan yuz karra ortig‘i bilan yangi ish o‘rinlari, ilmu tafakkuri yuksak, baxtiyor ayollar, to‘kin va farovon oilalar, sog‘lom farzandlar, hayotidan mamnun onalar ko‘rinishida qaytishi zarur.
Shu kunga qadar Ayollar muammolarini tizimli hal etish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi shakllantirildi. Yangi tuzilmaga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov rahbarlik qilmoqda. Komissiya Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, bir qator vazirlik va idoralar, davlat qo‘mitalari, prokuratura va sud organlari, jamoat tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vakillaridan tashkil topgan.
O‘tgan yili Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, mahalliy hokimliklarning mas’ul xodimlari (jami 70 ming kishi)dan iborat ishchi guruhlari xonadonma-xonadon yurib, 6 milliondan ortiq ayol bilan muloqot qildi. Shuning natijasida to‘qqizta mezon asosida salkam 433 ming nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritildi. Hozircha 80 ming nafarining muammosi hal etilgan. Biroq bu daryodan tomchi, xolos. Asosiy ishlar hali oldinda.
Prezident yuqorida tilga olingan yig‘ilishda davlat boshqaruvi sektori rahbarlariga ro‘yxatga kiritilgan bironta ham ayolning dardu tashvishlari e’tibordan chetda qolmasligi kerakligini uqtirdi. Ayni masalada mutasaddilardan qat’iy tartib-intizom hamda shaxsiy javobgarlik talab qilinmoqda. Davlat rahbari topshirig‘iga binoan, hokim o‘rinbosarlari, Xalq bankining hududiy filiallari rahbarlari, tuman (shahar) prokurori, ichki ishlar va adliya bo‘limlari boshliqlari, joylardagi xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari hamda mahallalardagi “Ayollar maslahat kengashlari” rahbarlari yangi tizim doirasida belgilangan vazifalar ijrosi uchun mas’ul hisoblanadi. Endilikda ular haftaning ikki kunida faqat ayollar masalalari bilan shug‘ullanishi kerak. Bajarilgan ishlar natijalari har haftada hududlar bo‘yicha muhokama qilib boriladi. Monitoring qilish vakolati esa keng jamoatchilik hamda deputatlarga taqdim etilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, birinchi chorak yakuniga qadar respublika miqyosida 48 ming nafarga yaqin xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitilib, bandligi ta’minlanadi, 5 ming nafariga tomorqasidan daromad olishi, 22 ming nafariga uy-joyini ta’mirlashi hamda ijtimoiy ahvolini yaxshilashiga moddiy yordam ko‘rsatiladi, yana 13 ming nafardan ziyodiga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli kredit beriladi. Qolaversa, Prezidentning shaxsiy tashabbusi asosida noturar joylarda istiqomat qilayotgan 9 ming 223 nafar ayolga uy-joy ijarasi uchun to‘lovni davlat hisobidan qoplab berish ko‘zda tutilgan. Buning uchun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi orqali 2 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda.
Xuddi shu asnoda ikkinchi chorakda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 165 ming nafardan ziyod, uchinchi chorakda 133 ming nafarga yaqin xotin-qizga manzilli yordam ko‘rsatish rejalashtirildi.
Davlat himoyasiga olingan ayollarning asosiy muammosi — ishsizlik. Bu esa ikkinchi katta muammo – iqtisodiy yetishmovchilikni yuzaga keltirmoqda. Mutasaddi tashkilotlar oldiga 2021 yilning to‘qqiz oyi yakuniga qadar ijtimoiy himoyaga muhtoj jami 221 ming nafar ayolning bandligini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Aytishga oson raqam. Vaholanki, hamma hududlarda ham ishlab chiqarish korxonalari mavjud emas. Xizmat ko‘rsatish sohasida esa ish o‘rinlari cheklangan. Bunday sharoitda aholiga o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatini yaratish yagona optimal yechim hisoblanadi.
Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida adras, atlas, baxmal, gilam to‘qish bo‘yicha bir oylik kurslarni tashkil etish orqali kamida 15 ming nafar ayolni kasb-hunarga o‘qitish mumkin. To‘quv dastgohlarini xarid qilish uchun ularga jami 60 milliard so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi. Bunday imkoniyatlar asosida hunar egalari o‘z ishini topib ketishiga shubha yo‘q.
Zarur bilim va ko‘nikmalarni berish orqali pillachilikda yana 3 ming nafar, qorako‘lchilikda 20 ming nafar ayolning bandligini ta’minlasa bo‘ladi.
Ayni vaqtda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 70 ming nafarga yaqin xotin-qizni tadbirkorlikka jalb qilish choralari ko‘rilmoqda. Xalq bankining alohida kredit liniyasi orqali shu maqsadga jami 2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Ayollarning biznesga oid ko‘nikmalarini shakllantirish masalasi ham e’tibor markazida. Joriy yilning 1 iyunigacha Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand shaharlarida mazkur faoliyatga ixtisoslashgan kamida ikkitadan, qolaversa, Toshkent shahri tumanlarida bittadan nodavlat notijorat tashkilotini ochish ko‘zda tutilgan. Ayollarni tadbirkorlikka o‘qitadigan muassasalarning barchasiga grantlar hamda imtiyozli asosda ish joyi taqdim etiladi.
Shu bilan birga ayollar bandligini ta’minlash istagida bo‘lgan tadbirkorlarga har bir tumanda bo‘sh turgan kollej binolaridagi xonalarni 30 yilgacha imtiyozli foydalanish huquqi bilan ijaraga berish tartibi joriy qilinmoqda. Bunday tizimli ishlar uchun 70 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. Pirovard natijada yil yakunigacha 50 ming nafar xotin-qizni sifatli o‘qitgan holda ish bilan ta’minlash reja qilingan.
O‘zbekni yer boqadi, deydilar. Chunonam shunday. Unumdor zaminimizdan nafaqat bobodehqonlar, balki ro‘zg‘orini but qilish tashvishida yurgan ayollar ham foydalanib, daromad olishi mumkin. O‘tgan yili yurtimizda ilk bor za’faron o‘simligini yetishtirish tajribasi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu giyohning gullarini faqat qo‘lda terib olish mumkin. Bu esa minglab xotin-qizlarni mavsumiy ish bilan band etish imkonini yaratmoqda. Shuni nazarda tutgan holda, hukumatga Zomin, Bo‘stonliq, Urgut, Kitob, Shahrisabz, Chortoq tumanlarida za’faron ekish uchun 50 gektardan yer maydoni ajratib, kamida 50 ming nafar ayolning mehnat qilishiga sharoit yaratish vazifasi topshirilgan.
Boquvchisini yo‘qotgan aksariyat ayollar uy-joydan qiynalmoqda. Ba’zilari noturar binolar yoki ijarada yashashga majbur. “Ayollar daftarida” bu toifa alohida qayd etilgan. Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlar salmog‘i 9 ming 223 nafarni tashkil qilmoqda. Davlat ularni ko‘chada qoldirmaydi, albatta. Hozir ijarada yashayotgan ehtiyojmand ayollarga jami 11 milliard so‘mlik kompensatsiya to‘lash choralari ko‘rilyapti. Shuningdek, otasidan ayrilgan, yolg‘iz onasi qaramog‘ida voyaga yetgan muhtoj qizlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida uyning boshlang‘ich badalini to‘lab berish uchun har bir viloyatga5 milliard so‘mdan ajratildi. Xuddi shunday yordam нотурaр joylarda istiqomat qilayotgan ayollarga ham ko‘rsatilib, joriy yilda bu ishlarga 140 milliard so‘m, 2022 yilda yana 150 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Qarshi shahrida esa, istisno tariqasida, uchta yotoqxona xonadon sohiblariga rasmiylashtirilib, to‘liq ta’mirlanadigan bo‘ldi.
Yana bir xushxabar. O‘zbekistonda ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni davlat oliy ta’lim muassasalarida bepul o‘qitishga qaror qilindi. Yangi o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 100 nafardan, moliyaviy barqaror oliygohlar esa 50 nafargacha xotin-qizning kontrakt pulini o‘z hisobidan to‘lab beradi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan hamyurtlarimizning 44 ming nafari tibbiy yordamga muhtoj. Ularning har biri kasallik turiga qarab tor doiradagi shifokorlar tomonidan shu yiliyoq davolanadi. Qolaversa, to‘qqiz oy ichida qariyb 9 million ayolni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, odam papillomasi virusiga qarshi emlash, 1,5 ming nafardan ziyodбеморga esa yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar (murakkab jarrohlik amaliyotlari va boshqalar)ni ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Ehtiyojmand ayollar salomatligiga e’tibor keyingi yillarda ham to‘xtab qolmaydi. Prezident Moliya vazirligiga har yili shu maqsadda Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasiga qo‘shimcha 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq berdi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 37 ming nafar boquvchisini yo‘qotgan, 26 ming nafar nogironligi bo‘lgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam berish uchun davlat hisobidan 80 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ham o‘ziga xos voqelikdir.
Ta’kidlash joiz, “Ayollar daftari” shunchaki xo‘jako‘rsin uchun qilinayotgan ish emas. Ushbu ulkan va unikal tizim, avvalo, uzoq istiqbolga yo‘naltirilgani, ayollarning nafaqat bugungi muammolarini hal etish, balki ertangi tashvishlarini kamaytirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Bu esa rejalashtirilgan va bunday keyin rejalashtiriladigan ishlar qog‘ozda qolib ketmasligi, o‘z vaqtida, risoladigadek bajarilishiga umid uyg‘otadi.
Ayollar muammolarini tizimli hal etish mexanizmi doimiy harakatda bo‘lishi zarur. Buning uchun xotin-qizlarning murojaatlari har kuni ko‘rib chiqiladi, har yarim yilda esa ularning muammolari uyma-uy yurib o‘rganiladi.
Respublika komissiyasi 6 milliondan ortiq ayollarda xonadon va tomorqa madaniyatini shakllantirish, boringki, ma’naviy saviyasi, tibbiy hamda huquqiy bilimlarini oshirish, farzand tarbiyasi bilan bog‘liq dunyoqarashini kengaytirish ishlarini ham o‘z zimmasiga oldi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi ehtiyojmand ayollarning og‘irini yengil qilishga baholi qudrat hissa qo‘shgan, fidokorona mehnati bilan barchaga namuna ko‘rsatgan insonlarni munosib rag‘batlantirish tadorigini ham ko‘rmoqda. Yil sarhisobida eng yaxshi mahalla raisi, eng yaxshi sektor rahbari, eng namunali ish beruvchi, shuningdek, “Ayollar daftari”ga kirgan hamda mahallasidagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkor ayol – kasaba uyushmalari laureati aniqlanib, “Lesetti”, “Kobalt” va “Spark” avtomobillari bilan taqdirlanadi. Uchta sovrinli o‘rindan tashqari, yuqoridagi tanlovlarning respublika bosqichiga yo‘llanma olgan 44 nafar ishtirokchi 30 million so‘mdan pul mukofotini qo‘lga kiritishi mumkin.
Bu hali hammasi emas. Kasaba uyushmalari farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan jami 420 nafar matonatli ayolni yurtimiz sihatgohlarida bepul sog‘lomlashtirish tashabbusi bilan ham chiqdi. Bundan tashqari, tashkiloti hisobidan 50 ta olis tumandagi mahallalarda yengil konstruksiyali “Go‘zallik salonlari” qurilib, to‘liq jihozlab beriladi. Mana shunday xayrli ishlarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi 8 milliard so‘m mabla- yo‘naltirgani tahsinga loyiq.
Katta yo‘l boshidamiz. Ko‘zlangan ulkan maqsadlarga yetish uchun shu qadar ulkan dovonlardan oshmoq kerak. Xalqimiz sabr-bardoshli. Bir yoqadan bosh chiqarib, ishonch bilan oldinga intilsak, marra bizniki bo‘ladi.
Nargiza UMAROVA,
O‘zA