"Ayolga ehtirom" tanlovi g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan "Ayolga ehtirom " respublika ijodiy tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid "Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" degan ulug‘vor g‘oya har bir jabhada o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi. Yurtimizda yaratilayotgan yangi-yangi adabiy asarlar zamonamizning ma’naviy-ma’rifiy poydevorini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani e’tiborga molikdir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilayotgan ma’rifiy loyihalar, adabiy tadbirlar ijod ahlining muxlislar bilan muloqotini yanada kengaytirishga, yangi g‘oyalar sari ruhlantirishga poydevor yaratmoqda.
"Ayolga ehtirom" respublika ijodiy tanlovidan ko‘zlangan asosiy maqsad ayol, mo‘’tabar ona siymosi yuksak darajada e’tirof etilgan asarlar mualliflarini taqdirlashdan iboratdir.
Hay’at a’zolari tomonidan tanlovga kelib tushgan mo‘’tabar ayol, ona siymosi kuylangan jami 35 nafar muallifning yurtimiz ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 80 ga yaqin ijodiy ishlari ko‘rib chiqildi. Nashr etilgan kitoblar, matbuotda e’lon qilingan materiallar janr tasnifi bo‘yicha quyidagilarni tashkil etdi: she’rlar va she’riy to‘plamlar, dostonlar, she’riy turkumlar, nasriy asarlar, publitsistik maqolalar.
Tanlovni tashkil etishdan maqsad Yangi O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda, erkin va farovon yurtda barkamol avlodni tarbiyalab, jamiyatdagi bunyodkorlik ishlarida faollik va fidoyilik ko‘rsatgan zahmatkash onalarga bag‘ishlangan ijod namunalari mualliflarini ruhlantirishdan iboratdir.
Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otadigan , ezgu milliy qadriyatlarimiz targ‘ib etilgan , mo‘’tabar ona, ayol obrazi aks ettirilgan ijod namunalari hakamlar hay’ati tomonidan saralab olindi.
Iste’dodli shoira Xosiyat Bobomurodova muqaddas ayol, mo‘’tabar ona siymosi kuylangan "O‘rtacho‘l malikasi", "Diydor" dostonlari, "Onamni asrang" she’riy to‘plami, "Ona bo‘lsang bilarding, dunyo", "Yuz yil yashashga dasturi bor ayol", "Dalalarni kuylatgan ayol" publitsistik maqolalari, "Bola ko‘targan ayol" she’riy dramasi uchun birinchi o‘ringa munosib topildi.
G‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar, diplomlar bilan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA