Axborot xizmatlarining faoliyati tahlil qilindi
Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.Xodjayev Sirdaryo viloyatidagi nashriyot va matbaa tashkilotlari, mahalliy hokimiyat organlari, viloyat tashkilotlari va idoralari axborot xizmatlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda O‘zbekiston siyosiy partiyalari Sirdaryo viloyati kengashlari raislari, ularning axborot xizmatlari rahbarlari bilan uchrashdi.
Ochiq muloqotda sohalar axborot xizmati rahbarlarining ish faoliyati, tashkilotning veb-sayti, telegram kanali, facebook, instagram sahifalari orqali ommaga havola qilayotgan sohaga oid xabar va yangiliklarni yoritishdagi kamchiliklar va yutuqlar, press-konferensiya va media-turlarni tashkil etish borasidagi dolzarb masalalar muhokama etildi.

Tadbirda, axborot xizmati xodimini vazifasiga, uni amalga oshirish mexanizmlariga, har bir jabhada amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlarga ma’lumot berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar tomonidan gazetalar obunasi bo‘yicha muammolar va takliflar bildirildi. AOKA rahbari bu borada amaliy ishlar olib borilayotganligi, xususan, mahalliy Kengashlar sessiyalarida ko‘rilgan holda, mahalliy byudjetdan ortgan mablag‘lar hisobiga tahririyatlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash taklifi o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA