Axborot xavfsizligi bozori kengaymoqda
Poytaxtimizda axborot xavfsizligi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini o‘zgartirish masalalari va axborot xavfsizligi bozori yo‘nalishlariga bag‘ishlangan “IDC IT Security and Datacenter Transformation Roadshow – 2016” an’anaviy xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda axborot xavfsizligi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini o‘zgartirish masalalari va axborot xavfsizligi bozori yo‘nalishlariga bag‘ishlangan “IDC IT Security and Datacenter Transformation Roadshow – 2016” an’anaviy xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.Unda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, tarmoq va ofis uskunalari, himoya dasturlarini ishlab chiqaruvchi yetakchi xalqaro kompaniyalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari, axborot xavfsizligi sohasida faoliyat yuritayotgan mamlakatimiz va xorijlik olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Yuqori texnologiyalarning jadal rivojlanishi axborot xavfsizligini ta’minlash va foydalanuvchilarni mavjud kibertahdidlardan himoya qilish tizimini yaratish bilan bevosita bog‘liqdir. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilar qatori axborot va kommunikatsiya texnologiyalari xavfsizligi xalqaro tizimiga qo‘shildi. Mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida samarali tizim yaratilgani, barcha davlat organlarining kibertahdidlarga qarshi kurashishga oid harakatlari atroflicha o‘rganilib muvofiqlashtirilayotgani bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Anjumanda axborot xavfsizligi auditi va axborot xavfsizligi bozori yo‘nalishlari, korxonalarda ma’lumotlar oshkor bo‘lishining oldini olish usullari, ofis uskunalarining muhofaza tizimlariga oid qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ayniqsa, davlat organlari axborot tizimlarini himoya qilishga qaratilgan turli texnik yechim va dasturiy ta’minotlar taqdimotlari mutaxassislar e’tiborini tortdi. Tadbirda “Huawei”, “BalaBit”, “Konika Minolta”, “Qualays”, “Vision solution” va boshqa jahonga mashhur kompaniyalar axborot xavfsizligi sohasidagi o‘z ishlanmalarini taqdim etdi.
Ishtirokchilar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kiberhujumlar oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ilg‘or tajriba va usullar bilan tanishdi. Moliya va tijorat tashkilotlarida axborot xavfsizligini ta’minlaydigan tizimlar, dasturiy kompleks va uskunalar alohida taqdim etildi.
Anjuman doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada komputer uskunalari sohasidagi zamonaviy ishlanmalar, tarmoq va mobil telefonlarning so‘nggi nusxalari namoyish etildi.