Axborot texnologiyalari namoyishi
Urganch shahrida “IctExro – 2014” an’anaviy milliy axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Urganch shahrida “IctExro – 2014” an’anaviy milliy axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi S.Abdukarimova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Aholiga mobil aloqa, axborot va telekommunikatsiya hamda internet xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar, davlat organlarining mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda telekommunikatsiya sohasiga oid yangi texnika va texnologiyalar namoyish etildi.
Ko‘rgazmadan 20 dan ziyod milliy va xorijiy kompaniyalar, boshqarma va idoralar, bank hamda muassasalarning yuqori texnologiyali mahsulot va xizmatlari o‘rin oldi. Simli va simsiz telekommunikatsiya texnologiyalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, ko‘chma radioaloqani loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish, axborot texnologiyalari va tizimlari, komputer texnikasi, dasturiy ta’minot, axborotni himoya qilish tizimi, yo‘ldosh va kabelli televideniye hamda boshqa axborot texnologiyalari namoyish etilgan ko‘rgazma yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
– Ushbu ko‘rgazmada turli axborot texnologiyalari bilan tanishdim, – deydi viloyat axborot-kutubxona markazi xodimi Nina Soy. – Markazimizda ham axborot texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yuqori tezlik va aniqlikda ishlovchi skanerning o‘rnatilgani kitob va hujjatlarning elektron shaklini yaratishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Elektron kitob-hujjatlar haqidagi ma’lumotlarning ovozli shakli kitobxonlarga qulaylik yaratmoqda.
Viloyatda joriy etilgan raqamli tizim aloqa sifatini tubdan yaxshilash, aholiga interaktiv xizmatlar ko‘rsatish hajmini bir necha barobar oshirish imkonini bermoqda. “Yagona oyna” tamoyili asosida aholiga turli davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi, soliq va boshqa statistik hisobotlarni elektron tarzda jo‘natish yo‘lga qo‘yilgani esa qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda.
– Idora va tashkilotlar uchun turli elektron tizim va dasturlar yaratish markaz faoliyatining asosini tashkil etadi, – deydi viloyat komputerlashtirish markazi bosh mutaxassisi Bahrom Nazarov. – Masalan, “E-Kad” elektron tizimi xo‘jalik hisobidagi yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun mo‘ljallangan “Yagona oyna” tamoyilidagi avtomatlashtirilgan tizim sifatida xizmat qilmoqda. Ushbu tizim tashkilotning ishchi va ko‘chmas mulk kadastr xizmatlarini joriy qilgan holda avtomatlashtirish, ish samaradorligi va sifatini oshirish, hudud bo‘yicha yer va ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yaxlit holatda saqlash, ularning daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.