Axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi
Sirdaryoda “IctExpo – 2014” an’anaviy milliy axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Sirdaryoda “IctExpo – 2014” an’anaviy milliy axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Aholiga mobil aloqa, axborot va telekommunikatsiya hamda internet xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar, davlat organlari mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda telekommunikatsiya sohasiga oid yangi texnika va texnologiyalar namoyish etilmoqda.
Keyingi yillarda Sirdaryoda ham telekommunikatsiya tarmoqlari kengayib, qariyb barcha sohalarda ushbu texnologiyalardan samarali foydalanilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturulamal bo‘layotir.
Viloyatda ushbu hujjat ijrosi doirasida o‘ttiz ikkita “Msan” elektron raqamli zamonaviy stansiya qurildi. Joriy etilgan raqamli tizim aloqa sifatini tubdan yaxshilash, aholiga interaktiv xizmatlar ko‘rsatish hajmini bir necha barobar oshirish imkoniyatini yaratdi. “Yagona oyna” tamoyili asosida aholiga turli davlat xizmatlarini bir joyda ko‘rsatish tizimi joriy etildi. Soliq va boshqa statistik hisobotlarni elektron tarzda jo‘natish yo‘lga qo‘yildi.