Avtomobil sanoatida mahalliylashtirish tomon bir qadam
Aholi ko‘chalar tobora tirband bo‘lib borayotganini ta’kidlaydi. Bu boshqa muammo. Avtomobillar ko‘payib borayotgani esa haqiqat va, avvalo, O‘zbekiston ishlab chiqarish quvvatlari keskin oshishi bilan bog‘liq. E’tibor bering, bugun vatanimizdagi 12 ta zavodda bir yilda 500 ming dona avtomobil ishlab chiqarilmoqda! To‘g‘ri, ayrim rusumdagi avtomobil qismlarining 40-50 foizi hamon chetdan keltirilyapti. Ammo O‘zbekistonda import o‘rnini bosadigan korxonalar soni ko‘payib boryapti. Bugun ular safi yana bir korxonaga ko‘paydi.
"Qo‘qon" erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida Koreya Respublikasining "Hansae Mobility" kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan yangi sanoat korxonasi foydalanishga topshirildi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston va Janubiy Koreya vakillari, sanoat sohasi rahbarlari, xorijiy hamkorlar hamda faxriy mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev, "Hansae Mobility" kompaniyasi raisining o‘rinbosari Kim Ik Xvan, "Hansae Mobility Turan" korxonasi ijrochi direktori Jong Day Von, "O‘zavtosanoat" AJ raisining o‘rinbosari Davron Hidoyatov va boshqa mehmonlar so‘zga chiqib, o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari, yangi korxona faoliyati hamda istiqboldagi rejalari haqida to‘xtalib o‘tdilar.

So‘zga chiqqanlar Prezident tashabbusi bilan mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganiga e’tibor qaratdilar.
– Qo‘limdagi mahsulot ilgari Koreyada ishlab chiqarilar va O‘zbekistonga import qilinar edi. Endi zamonaviy texnologiyalarda ishlashni o‘rgandik va ularni o‘zimiz shu yerda ishlab chiqaryapmiz, – deydi Solijon Ikromov.
– Zavodimizda Kobalt, Damas avtomobillari uchun tormoz majmuasi, rul kuchaytirgichi va tormoz diskiga ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. Liniya robotlashtirilgan. Innovatsiya yutuqlari joriy etilgan,– deydi operator Muzaffar Nuriddinov. – Keyingi bosqichda Oniks va Treker rusumli avtomobillari uchun ham shu kabi ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.

Qiymati 30 million dollar bo‘lgan mazkur investitsiya loyihasi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning amaliy natijalaridan biridir. Ayni paytda korxonada 100 dan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 140 taga yetkazish, kelgusida esa jami 250 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Kelgusida korxona atrofida qo‘shimcha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish, shuningdek, mahalliylashtirish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan.
Nihoyat tasma qirqilib, mehmonlar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar.
Korxona bugundan buyurtmalar asosida mahsulot yetkazib berishni boshladi
Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA