Avtomobil bozorida tanlov o‘zgarmoqda: benzin, elektr yoki gibrid?
Mamlakatimiz avtomobil bozorida xaridorlarning tanlovi ham o‘zgarib bormoqda. Endi gap faqat avtomobil markasi yoki narxida emas — uning qanday yoqilg‘i yoki energiyada harakatlanishi ham muhim mezonga aylangan.
Benzinli mashinalar bilan bir qatorda elektr va gibrid avtomobillarga bo‘lgan qiziqish ham bozorda o‘z aksini topmoqda.
Xo‘sh, 2026-yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekistonga qancha avtomobil olib kirildi? Ular orasida qaysi turdagi avtomobillar ko‘pchilikni tashkil etdi? Xaridorlar an’anaviy benzinli avtomobillardan ko‘ra elektr va gibrid modellarga ko‘proq qiziqyaptimi?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari mamlakat avtomobil bozoridagi bu o‘zgarishlarga raqamlarda oydinlik kiritadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 29 ta davlatdan qiymati 920,4 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 65 876 dona yengil avtomobil import qilingan.
Import qilingan yengil avtomobillar turlari bo‘yicha:
elektrda harakatlanuvchi yengil avtomobillar — 46 749 dona;
benzinda harakatlanuvchi yengil avtomobillar — 10 987 dona;
gibrid (benzin va elektr) yengil avtomobillar — 8 077 dona;
boshqa turdagi yengil avtomobillar — 63 dona.
Mazkur davrda O‘zbekistonga eng ko‘p yengil avtomobil yetkazib bergan davlatlar:
Xitoy — 63 039 dona;
AQSH — 765 dona;
Koreya Respublikasi — 737 dona;
Yaponiya — 345 dona;
boshqa davlatlar — 990 dona.
Umuman, import hajmi avtomobil bozoridagi talab va iste’molchilar tanlovining muhim ko‘rsatkichlaridan biridir. 2026-yilning yanvar–iyul oylarida 65 mingdan ortiq yengil avtomobilning O‘zbekistonga olib kirilgani ichki bozorda transport vositalariga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda avtomobil tanlovida tejamkorlik, ekspluatatsiya xarajatlari va zamonaviy texnologiyalar kabi omillar ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois benzinli avtomobillar bilan bir qatorda elektr va gibrid transport vositalariga bo‘lgan qiziqishning o‘sishi bozordagi o‘zgarishlarni kuzatish uchun muhim ko‘rsatkich bo‘lib qoladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA