Aviaspottingga qiziqasizmi?.. Marhamat
Avvalroq xabar berganimizdek, Vazirlar Mahkamasining “Aviaspottingni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasidagi xalqaro aeroportlarda aviaspotting – belgilangan tartibga asosan aeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, video tasvirga olishni amalga ruxsat berildi.
Respublikadagi barcha xalqaro aeroportlar hududida ularning boshqaruv shaklidan qat’i nazar, shuningdek, ularga tutash hududlarda parvozlar xavfsizligi talablari, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) tavsiyalari va ilg‘or xorijiy tajriba hisobga olingan holda, aviaspotting mashg‘ulotlari uchun ixtisoslashtirilgan joylar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Kuzatish maydonchalariga, shu jumladan, ular joylashgan joylarga nisbatan talablar “Uzbekistan Airports” AJ takliflari asosida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi va Transport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
2022 yil 1 maydan boshlab xorijiy aviaspotterlar jalb qilingan holda, mahalliy havaskorlar va professional avispotterlar uchun har chorak mavsumiy tanlovlar, shuningdek, har yilgi tanlovlar ta’sis etiladi hamda tashkil qilinadi.
Tegishli vazirlik va tashkilotlar bir oy mobaynida aviapotterlarni kuzatish maydonchalariga kiritish va ular tomonidan aeroportlar ichki tartibiga rioya etilishi, o‘ta muhim reyslar parvozlari vaqtida kuzatish maydonchalariga kiritishni kelishish, videokuzatuv tizimini tashkil qilish va unga xalqaro aeroportlar aviatsiya xavfsizligi xizmatini ulash kabi zarur talablarni ishlab chiqishadi.
2022 yil 1 mayga qadar Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti va “Samarqand” xalqaro aeroportida, 2022 yil 1 iyuldan boshlab – qolgan barcha xalqaro aeroportlar hududida avispotting bilan shug‘ullanish maydonchalari faoliyat ko‘rsata boshlaydi.