Aviachiptalar muammosiga qachon yechim topiladi?
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda aviachipta muammolari haqida bot-bot aytilayotgan bo‘lsa-da, hamon vaziyat o‘zgarmagan.
Chunki, chipta muammosi bilan federatsiyasiga murojaat qiluvchilar soni kun sayin ko‘payib bormoqda. Masalan, yaqinda Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi S.Qurbonov ham aviachipta ortidan sarson bo‘layotgani haqida federatsiyasiga murojaat qilgan.
Fuqaroning ma’lum qilishicha, u Samarqand shahar A.Temur ko‘chasida joylashgan “ATLAS AVIA TOUR” xususiy firmasidan 10 million so‘mga “Navoiy – Xabarovsk” yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta xarid qilgan, ammo reys bekor qilingan bo‘lsa-da, aviakassa xodimlari iste’molchiga chipta pulini qaytarib berishdan bosh tortgan. S.Qurbonovning barcha harakatlari besamar ketgach, u O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qiladi.
Shundan so‘ng, Samarqand shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari holatni o‘rganib, chipta uchun to‘langan mablag‘ undirib berildi.
O‘zA