AstraZeneca vaksinalari Yevropa Ittifoqida taqiqlandi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlari Yevropaning qator mamlakatlarida AstraZeneca kompaniyasining vaksinalari taqiqlanishi haqidagi xabarlarni o‘rganmoqda, deb bayonot berdi JSST vakili RIA Novostiga.
"JSST bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha to‘liq xabardor bo‘lgach, shu zahotiyoq o‘z xulosalarini oshkora ma’lum qiladi", – dedi vakil.
Bundan avvalroq Avstriyada ehtiyotkorlik sifatida AstraZeneca preparatidan foydalanish to‘xtatilgan edi. Bunga emlangan ayolning o‘limi hamda yana bir emlangan shaxsda tromboemboliya rivojlangani sabab bo‘lgan. Shundan keyin ushbu vaksina Estoniya, Litva, Lyuksemburg va Latviyada ham taqiqlandi.
Payshanba kuni AstraZeneca vaksinalaridan foydalanishni tromblar paydo bo‘lishi xavfi tufayli Daniya, Norvegiya va Italiya hukumati ham to‘xtatdi.
Dori-darmon vositalari bo‘yicha Yevropa agentligi bergan bayonotda aytilishicha, hozircha bo‘lgan voqealarga aynan vaksina sabab bo‘lganini tasdiqlovchi ilmiy dalil yo‘q. Ishlab chiqaruvchining o‘zi ham preparat xavfsiz ekani haqda bayonot bergandi.
Hozirda Yevropa Ittifoqida to‘rtta vaksina ro‘yxatga olingan. Bular, Pfizer/BioNTech, Moderna, AstraZeneca va Johnson&Johnson kompaniyalari mahsulotlari hisoblanadi.