Asosiy maqsad aholi salomatligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Buxoro viloyat boshqarmasida “Bo‘yinbog‘siz kun” loyihasi doirasida press-tur bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar qatnashdi. Ishtirokchilar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ashur To‘xtayevning kunlik faoliyati bilan tanishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar boshqarma rahbariyati bilan ochiq muloqotda bo‘ldi. Ish jarayonlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shundan so‘ng, laboratoriya faoliyati bilan tanishib chiqqan ishtirokchilar, Buxoro viloyatining Olot tumani bozoridagi tibbiy xizmatlar va sanitar-epidemiologik nazoratining qanday amalga oshirilayotganini kuzatdi.
[gallery-21870]
Shuningdek, ishtirokchilar tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotining sanitariya targ‘iboti faoliyatini yoritish va keng jamoatchilikka taqdim etish maqsadida, tumandagi 17-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi. Shu bilan birga, “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi Olot tumani bo‘limi boshlig‘i Sh.Toshev tomonidan qilingan ishlar bo‘yicha taqdimot ham o‘tkazildi.
Press-tur nafaqat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, balki viloyatdagi sanitariya-epidemiologik xizmatlarining faoliyatini o‘rganish va keng jamoatchilikka taqdim etish imkoniyatini yaratdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbiri