«Asaka city»da 71 ta ko‘p qavatli uy quriladi
Andijon viloyati Asaka tumani yurtimizning eng obod maskanlaridan biriga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi «Andijon viloyati Asaka tumanini obodonlashtirish va arxitektura qiyofasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, tumanning Chek mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi «Asaka city» turar-joy majmuasi barpo etilmoqda.
Umumiy loyiha qiymati 267 million AQSH dollarga teng loyiha doirasida barpo etilayotgan «Asaka city» turar-joy majmuasida 4 ming 631 xonadondan iborat 71 ta ko‘p qavatli uylar quriladi, keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Ayni kunda «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan mahalladagi 53,3 gektar hududda Asaka tumani aholisi, shuningdek, avtomobilsozlik sanoati xodimlari uchun arzon, sifatli va zamonaviy uy-joylar qurilmoqda. Bundan tashqari, massivda savdo majmualari, mehmonxona, istirohat bog‘i, 320 o‘rinli 2 ta bolalar bog‘chasi hamda 2 ming o‘rinli umumta’lim maktabi qad rostlamoqda.
Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish, turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida barpo etilayotgan «Asaka city» turar-joy majmuasining foydalanishga topshirilishi bilan 7 ming nafardan ziyod fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
[gallery-5722]
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA