Arnasoyda mahalla raislari uchun o‘quv-seminar
Jizzax viloyatining Arnasoy tumani hokimligida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan shaharcha, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi.
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Telmon O‘rinov boshchiligida tashkil etilgan seminarda, tuman hokimligi, tuman imom xatibi hamda 13 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirok etdi.

Tadbirda tuman hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Gulzoda Haydarova va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning yorqin samaralari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Dolzarb 40 kunlik” daraxt ekish aksiyasi uyushqoqlik bilan o‘tkazish xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Telmon O‘rinovning keyingi 2 yilda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash sohasiga oid qabul qilingan 30 dan ortiq qonun hujjatlari hamda Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlari va hududlarga tashriflari chog‘ida turli sohalarga oid belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati, ularni amalga oshirish mexanizmlari borasidagi ma’ruzasini o‘quv-seminar ishtiokchilari katta qiziqish bilan tingladi.
Seminar nihoyasida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldi.

A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA