AQSHlik muallimlar O‘zbekistonda
AQSHdan tashrif buyurgan 27 nafar ingliz tili o‘qituvchisi 10 fevraldan O‘zbekiston maktablariga yo‘l oladi.
Guruhdagi yetti kishi esa «English Speaking Nation” dasturi doirasidagi «Murabbiy-trenerlar» nomli tajriba loyihasida qatnashadi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston o‘rta maktablaridagi chet tili o‘qituvchilariga kasbiy rivojlanish va malaka oshirishda amaliy yordam berishdir.
– Prezidentimiz parlamentga qilgan Murojaatnomasida chet tillarini o‘rganishni bu yilgi ustuvor vazifalardan biri, deya ta’kidladi, – deydi xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov.– Chet tillar bo‘yicha ingliz tili yetakchi o‘rinda turganligi bois, joylarda ingliz tilini o‘rgatishni yanada yaxshilashga ko‘maklashishi uchun biz AQSHdan mutaxassislarni taklif etdik. Yoshlarimiz ingliz tilini chuqur bilishi mumkin, ammo hali ularning talaffuzlarida xatoliklar bor.Ingliz tilini o‘rgangan,axborot texnologiyasini chuqur o‘zlashtirgan bola kelajakda raqobatbardosh kadr bo‘lib kamolga yetadi va unda muvaffaqqiyatga erishish imkoniyatlari ko‘p bo‘ladi.
Ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga binoan Qo‘shma Shtatlar oliy o‘quv yurtlari hamda Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish uchun moliyaviy ko‘mak dasturlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA