AQSH – Xitoy savdo urushi qachon tugaydi?
-
Tramp Xitoyning savdo siyosati tufayli Si Szinpin bilan uchrashuvini bekor qildi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp ikki haftadan keyin Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan APEC sammitiga boradi. Tadbir doirasida Oq uy rahbari Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashmoqchi edi. Zero, keyingi payt Vashington va Pekin muloqot yo‘li bilan hal qilinishi zarurati kuchaygan bir talay masalalar to‘planib qolgan edi. Endi esa Amerika rahbari rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildi. Ta’kidlanishicha, ushbu qaror Xitoyning so‘nggi harakatlari bilan bog‘liq. Ya’ni, u mamlakatlarga nodir tuproq metallari va boshqa muhim tovarlarga eksport cheklovi kiritilishi tahdidi aks etgan xatlar yubora boshladi.
Tramp Xitoy amaliyotini “dunyoni garovga olish”ga urinish, deya baholadi va savdo siyosatidagi bu kutilmagan burilish ikki davlat o‘rtasida so‘nggi olti oy davomida o‘rnatilgan ijobiy munosabatga zidligini ta’kidladi.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy faol ravishda ishlab chiqarishning asosiy unsurlarini monopollashtirishga intilmoqda. Bu boshqa mamlakatlar va ayniqsa Xitoyning o‘ziga ziyon keltiradi. Endi AQSH ham kuchli yakkahokimlik pozitsiyaga egaligi bois, qarshi choralar ko‘rish, jumladan Xitoy tovarlariga bojni oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqyapti.
Shuningdek, Prezident xalqaro munosabatlarga siyosiy keskinlik qo‘shib kelgan Yaqin Sharqda tinchlikka erishilgani munosabati bilan Xitoyning xatti-harakati, ayniqsa, tashvishga solayotganini ta’kidladi. “Dushmanona savdo davom etsa, Vashington o‘z manfaatini himoya qilish uchun jiddiy qarorlar chiqarishga tayyorligi” bilan rasmiy Pekinni ogohlantirdi.
Choralar esa XXRdan keladigan mahsulotlarga yangi tarif e’lon qilinishi bilan boshlandi.
Donald Tramp 1 noyabrdan boshlab Xitoyning Qo‘shma Shtatlarga eksporti uchun qo‘shimcha 100 foiz boj joriy etilishini bildirib, “barcha muhim dasturiy ta’minot” bo‘yicha yangi eksport nazoratini e’lon qildi. Bu Xitoy noyob tuproq metallari va boshqa muhim tovarlarga eksport cheklovi kiritish tahdidiga javob bo‘ldi.
Jurnalistlarning boshqa tovarlar bo‘yicha eksport nazorati bilan bog‘liq savollariga javob berarkan, Oq uy rahbari ushbu ro‘yxatga “Boeing” samolyoti ehtiyot qismlari qo‘shilishi mumkinligini aytdi.
“Bloomberg” yozishicha, XXR mahsulotlariga 100 foiz soliq qo‘yilishi haqidagi bayonot bozorda karaxt holatni keltirib chiqarib, aksiya, dollar, neft va kriptovalyuta savdosiga zarba berdi.
Shu asnoda S&P-500 indeksi 2,7 foiz tushgan, texnologik “Nasdaq-100” indeksi 3,5 foiz pasaygan. Dollar ham arzonlashdi. Neft narxi 4 foizdan ko‘proq pastladi. Aksar kripto valyuta 1-7 foiz oralig‘ida qadrsizlandi. “Bitcoin” esa sezilarli darajada – 114 700 dollarga tushib ketdi.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, Tramp Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvni bekor qilmagani, faqat muloqot bo‘lib o‘tishiga shubhalanayotganini ta’kidlagan.
Savdo urushi tarixi haqida...
AQSH – Xitoy savdo urushi Prezident Donald Tramp fevral oyida mamlakatiga Xitoydan kirib keladigan barcha mahsulotlarga 10 foiz boj joriy etgandan keyin boshlandi. Mart oyida tarif 20 foizgacha ko‘tarildi va Pekin Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha soliq bilan javob berdi. Vashington boshqa mamlakatlardan keladigan tovarlarga o‘zaro tarif joriy qilgach, keskinlik yangi bosqichga kirdi. Natijada Xitoyga nisbatan tarif 54 foizga ko‘tarildi.
Joriy tartibdan oldin tarif 145 foizga yetdi, amerikalik yetkazib beruvchilarning Xitoyga stavkasi 125 foizni tashkil etdi.
Shanba kuni XXR tovarlariga belgilangan 100 foizlik tarif 1 noyabrda yoki oldinroq kuchga kirishi mumkin.
Darvoqe, davom etayotgan savdo urushiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Xitoyning ASEAN va Yevropa Ittifoqi mintaqalaridan keyingi uchinchi yirik savdo sherigi bo‘lib qolmoqda.
S.Rahimov, tayyorladi. O‘zA