AQSH va Rossiya munosabatlari iliqlashadimi?
AQSH prezidenti Donald Tramp “Fox News” telekanali orqali toʻgʻridan toʻgʻri efirga chiqib, jumladan koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat va Rossiyaning Ikkinchi jahon urushidagi yoʻqotishlari xususida gapirib oʻtdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp “Fox News” telekanali orqali toʻgʻridan toʻgʻri efirga chiqib, jumladan koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat va Rossiyaning Ikkinchi jahon urushidagi yoʻqotishlari xususida gapirib oʻtdi.
“Bugungi kundagi munosabatlarimiz maqtanadigan darajada, deya olmayman, (...) ammo Rossiya Ikkinchi jahon urushida biz bilan bir tomonda turib jang qilgan va bu qirgʻinda 50 million kishisini qurbon bergan”, — dedi Amerika yetakchisi. Uning soʻzlariga qaraganda, Vashington va Moskva oʻsha sheriklikni hozir ham, butun dunyo pandemiya bilan kurashayotgan bir paytda yana tiklashi kerak. Boshqa mamlakatlar ham Rossiyaga peshvoz chiqishlari lozim.
Tramp urush davrida AQSHning dushmani boʻlgan Germaniya hozir bir qator savdo imtiyozlariga egaligini, jumladan Berlin NATO fondiga lozim darajaga nisbatan ikki marta kam mablagʻ oʻtkazayotganini taʼkidladi.
SSSR Ikkinchi jahon urushida 19 milliondan ziyod jangchi va harbiy xizmatchilardan, 23 millionga yaqin oddiy fuqarolaridan ayrilgan. Jami qurbonlar 52 million kishiga yetgani, bu – juda katta fojia.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, AQSHda koronavirus bilan zararlanganlar soni 144 mingdan oshgan. 2,5 mingdan ortiq bemor halok boʻlgan, 4 ming kishi sogʻayib chiqqan. Qoʻshma Shtatlar virus yuqtirganligi aniqlangan odam soni boʻyicha dunyoning barcha mamlakatlarini ortda qoldirib ketdi. Rossiyada hozircha rasman 1900 ga yaqin bemor qayd etildi. Ularning asosiy qismi poytaxt Moskva shahri hissasiga toʻgʻri keladi.
Bir necha kun oldin “Kuchli yigirmatalik” (G20) tarkibidagi davlatlar rahbarlari ishtirokidagi virtual sammitda Putin koronavirus pandemiyasi davrida eng zarur isteʼmol mollariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarga moratoriy eʼlon qilish taklifini bergandi. Oʻshanda Rossiya yetakchisi bu borada, avvalo, pandemiyadan eng koʻp zarar koʻrgan yurtlarga eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi.
Maʼlumki, Yevropa Ittifoqi va AQSH tomonidan Rossiyaning yirik kompaniyalari va Rossiya iqtisodiyoti sektorlariga nisbatan sanksiyalar ilk bor 2014-yil joriy etilgan. Ushbu choralar Qrim yarim orolining Rossiya tarkibiga oʻtishi va Ukraina janubi-sharqida yuzaga kelgan nizolarga qarshi qoʻllangan. Cheklovlar keyinchalik bir necha bor uzaytirildi va yana-da kuchaytirildi.
Yevroparlamentda esa Rossiyani koronavirus pandemiyasi davrida notoʻgʻri axborot tarqatayotganini iddao qilib ayblashgan.
Masalan, “RIA Novosti” tahririyatiga Germaniyadan, “Yashillar/Yevropa erkin alyansi” fraksiyasining uch nafar aʼzosidan shu mazmundagi xat kelib tushgan.
“Ayniqsa, Xitoy va Rossiya tomonidan tarqatilayotgan notoʻgʻri axborot va biryoqlama targʻibot kuchlarining saʼy-harakatlari bizni jiddiy tashvishga solyapti, — deyiladi maktubda. Parlament aʼzolari tashviqot xurujlari ustidan tekshiruv oʻtkazishni talab etishmoqda. Shu bilan birga, agentlik matnda hech qanday aniq fakt keltirilmaganini ham eslatgan.