AQSH va Kanada yozgi vaqtga oʻtdi
Qoʻshma Shtatlar yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:00 da soat millarini bir soat oldinga surib, qishki vaqtdan yozgi vaqtga oʻtdi
Qoʻshma Shtatlar yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:00 da soat millarini bir soat oldinga surib, qishki vaqtdan yozgi vaqtga oʻtdi. Bu haqida TASS xabar bermoqda. Endi noyabr oyida AQSH yana qishki vaqtga qaytadi.
Vaqtni oʻzgartirish barcha shtatlar va hududlar uchun ixtiyoriydir. Xususan, Arizona va Gavai, AQSHga uyushgan davlat Puerto-Riko, Guam, Shimoliy Marianna orollari va Amerika Samoasi uni amalga oshirmaydi.
1784 yili AQSH Mustaqillik deklaratsiyasi mualliflaridan biri Benjamin Franklin (1706-1790) tomonidan kunduzgi vaqtdan oqilona foydalanish haqidagi taklif kiritilgan. U tayyorlagan hujjatga binoan bahor va yoz mavsumida yorugʻlikdan unumli foydalanish uchun doʻkonlarni ertaroq ochish va yopish tavsiya etilgandi.
Qoʻshma Shtatlarda yozgi soatlar birinchi marta 1918 yilda mamlakatning 28-prezidenti, Vudro Vilson (1856-1924) qarori bilan joriy qilindi. Biroq, bir yil oʻtib, deputatlar soat millarini surishga qarshi chiqishdi. Faqat 1966 yilda AQSHda tegishli qonun qabul qilingan. Keyinchalik kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra, har qanday shtat yoki hudud unga rioya etishni oʻzi tanlashi belgilab qoʻyildi.
AQSH Kongressining 2007 yilgi qaroriga binoan, qishki vaqtga oʻtish noyabrning birinchi yakshanbasida, yozgi vaqtga oʻtish esa esa mart oyining ikkinchi yakshanbasida amalga oshiriladi.
Kanadadagi vaziyat
Kanadada mahalliy vaqt bilan soat 02:00 da qishki vaqtdan yozgi vaqtga oʻtildi. Kanadaliklar ham millarni bir soat oldinga siljitishdi. Endi qish soatiga mamlakat 2019 yil 3 noyabr kuni qaytadi.
Bu yerda “yozgi rejimga” 111 yildan buyon amal qilishadi. Bu ularga yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash imkonini beradi, chunki aholi qoʻshimcha tonggi soatga ega.
Kanadaning barcha hududi ham yangi vaqt bilan yashamaydi. Saskachevan provinsiyasining asosiy qismi, Kvebekning ayrim tumanlari, Ontario va Britaniya Kolumbiyasining bir necha shaharlarida, shuningdek, Arktikadagi Sautgempton orolida bunga amal qilinmaydi.
Kanadada birinchi marta 1908 yilda Tander-Bey (Ontario) shahrida yozgi vaqtga oʻtilgan. 1916 yilda Kvebek, Manitoba, Yangi Shotlandiya va Ontario provinsiyalaridagi turli shaharlar va Nyufaundlend orolidagi Sent-Jons shahri aholisi tomonidan bu qoʻllab quvvatlandi.
Faqat 1960-yillarning oxirida Kanadaning deyarli barcha hududlari kunduz yorugʻligidan unumli foydalanish uchun soatlarni surishga oʻta boshladilar.