AQSH va Eron muvaqqat sulh e’lon qildi
AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik kutilmagan yo‘nalish oldi: ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv mintaqa kelajagiga qanday ta’sir qiladi?
AQSH va Eron ikki hafta muddatga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Prezident Donald Tramp rasman bayonot berdi. Mazkur diplomatik bitim mintaqadagi keskinlikni yumshatish, harbiy to‘qnashuv ko‘lamini cheklashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Hujjatga ko‘ra, Eron zimmasiga sulh davrida strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning erkin harakatini ta’minlash majburiyati yuklangan. AQSH tomoni ushbu yo‘lak ochiq va xavfsiz bo‘lishi kelishuvning asosiy sharti ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Amerika harbiy kuchlari Islom Respublikasiga qarshi zarbalarni vaqtincha to‘xtatdi, Isroil ham muzokara davom etayotgan paytda hujumni cheklashga rozilik bildirdi.
Jarayonning keyingi bosqichiga Pokiston vositachilik qiladi. Mamlakat Bosh vaziri tashabbusi bilan yaqin kunlarda Islomobod shahrida AQSH va Eron delegatsiyalari ishtirokida yuzma-yuz muzokara o‘tkazilishi kutilyapti. Tramp Tehron ilgari surgan 10 banddan iborat tinchlik rejasini muloqot uchun asos sifatida baholadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA