AQSH Eronning yadro ob’ektlariga zarba berdi
22 iyun tong sahar AQSH aviatsiyasi Fordo va Natanzdagi yadro ob’ektlarini bombardimon qildi, deb yozdi “New York Times” Eron rasmiylariga tayanib. Prezident Donald Trampning ham ushbu ma’lumotni tasdiqladi:
– Biz Eronning uch yadroviy ob’ekti, jumladan Fordo, Natanz va Isfaxonga juda muvaffaqiyatli hujumni yakunladik. Bu ishni faqat Amerika armiyasi amalga oshirishi mumkin edi.
“Fox News” yozishicha, AQSH hujumda bunker bombalari va “Tomahawk” qanotli raketalaridan foydalangan.
– Fordoga zarba berilishini kutgandik, – deyilgan Islom Respublikasi parlamenti raisining maslahatchisi Mehdi Muhammadiy tarqatgan bayonotda. Shuning uchun ob’ekt evakuatsiya qilindi. Jiddiy zarar yo‘q.
Ushbu voqea mamlakatdagi turli siyosiy doiralarla turlicha baholanmoqda. Masalan, Respublikachi kongressmen Tomas Massi yakshanba kuni partiyadoshi Trampning qarorini tanqid qilib, AQSHning Eronga zarbasi mamlakat Konstitutsiyasiga zidligini bildirgan.
Bir necha kun oldin Massi Trampga Eron bilan yakka o‘zi urush boshlashini taqiqlovchi rezolyutsiya taklif qilgan.
Amerikalik geosiyosiy tahlilchi Skott Ritter ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Eron yadroviy inshootlarini bombardimon qilish qarori juda katta xato ekanligini yozgan:
– Prezident Bushdan keyingi eng ahmoqona qaror. Bombalar nishonga zarar yetkazganmi yoki yo‘qmi, hozircha bilmaymiz. Isroil bu manzillarni bir hafta davomida to‘pga tutdi. Ko‘p qismi bundan oldin zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan. Oqibat – muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishda ishonchsiz hamkorligimizni yana bir bor ko‘rsatdik. Masalan, Rossiya endi bizga qanday ishonishi mumkin?!
Mutaxassis, shuningdek, Eronning bunday buzg‘unchi harakatga javobi oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada namoyon bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Ma’lumki, Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi maxfiy harbiy yadro dasturini amalga oshirishda ayblab, Eronga qarshi amaliyot boshlagan.
O‘z navbatida Islom Respublikasi yadroviy loyihaning harbiy xususiyatini inkor etib kelmoqda.
18 iyun kuni MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi agentlik mutaxassislari Eron yadroviy qurol dasturini amalga oshirayotganiga oid aniq dalil ko‘rmaganini ta’kidlagan.
CNN xabariga ko‘ra, AQSH razvedka hamjamiyati ham, Tramp va Isroil bayonotidan farqli o‘laroq, Eron yadroviy qurol yaratmoqchi emas, deb hisoblashini bildirgan.
S.Rahimov, O‘zA