AQSH Eron harbiy ob’ektlariga havodan zarba berdi
Hurmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi hodisa AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlikni yana avj oldirdi. Amerika tomoni Eronning bir qator harbiy ob’ektlariga zarba berganini tasdiqladi. Vaziyat qaysi tomonga o‘zgarishi mumkin?
AQSH va Eron o‘rtasidagi siyosiy va harbiy keskinlik yangi bosqichga ko‘tarildi. AQSH ma’muriyati Hurmuz bo‘g‘ozi yaqinida “AH-64 Apache” vertolyoti bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisa yuz bergandan so‘ng Eron hududidagi bir necha harbiy ob’ektga havodan zarba berilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi xabar tarqatdi.
Prezident Donald Tramp ushbu harbiy amaliyotni Amerika tomoni ko‘rgan yo‘qotishga qonuniy javob, deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Vashington o‘z harbiylariga nisbatan qilingan hech bir hujumni javobsiz qoldirmaydi.
Ma’lumotga ko‘ra, Pentagon zarbasi asosan Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi, dronni boshqarish infratuzilmasi va harbiy radar stansiyalarini yo‘q qilishga qaratilgan.
Asosiy nishonlar Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi strategik nuqtalarda joylashgan. Eron ommaviy axborot vositalari ham mamlakat janubida portlashlar sodir bo‘lganini tasdiqladi. Tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy AQSH harakatini keskin qoraladi va Tehron sukut saqlab turmasligini bildirdi. Mulozim ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Islom Respublikasi Qurolli kuchlari mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday hujumga munosib hamda qat’iy javob qaytarishga tayyorligini ta’kidladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA