AQSH Afg‘onistonga 204 million dollar ajratadi
Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonga 204 million dollarga yaqin qo‘shimcha gumanitar yordam beradi.
Bu haqda AQSH davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays ma’lum qildi.
– Biz Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 204 million dollarga yaqin qo‘shimcha gumanitar yordam ko‘rsatmoqchimiz, – dedi Ned Prays.
Shu tariqa 2021 yil avgustidan buyon yordamning umumiy miqdori 720 million dollarga yetadi. Bayonotga ko‘ra, bu pullar oziq-ovqat va suv sotib olish, asosiy tibbiy xizmatlarni taqdim etish, Afg‘oniston xalqini boshpana va huquqiy himoya qilish, gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurashga hissa qo‘shish, ichki ko‘chirilganlarning reintegratsiyasini rag‘batlantirishga mo‘ljallangan.
– Amerika Qo‘shma Shtatlari afg‘on xalqining gumanitar ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladi, – deya qo‘shimcha qildi Ned Prays.