Anqaradagi teraktda 5 kishi halok bo‘ldi
Turkiya poytaxti Anqaradagi “TUSAS” mudofaa zavodiga uyushtirilgan terror harakati oqibatida 5 kishi halok bo‘lgani va 14 kishi jarohatlangani ma’lum qilindi.
“AzerTAJ” xabariga ko‘ra, mamlakat ichki ishlar vaziri Ali Erliqoyaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ikki terrorchi yo‘q qilingani haqida xabar berilgan. Vazir halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, yaradorlar tezroq sog‘ayishini tilagan.
Hodisa yuzasidan vitse-prezident Jevdet Yilmaz ham bayonot berib, korxonaga uyushtirilgan makkorona hujumdan maqsad Turkiya mudofaa sanoati yutuqlarini kamsitishga urinish ekanini ta’kidlagan.
– Ishonchim komilki, ular muvaffaqiyatga erisha olmaydilar, – dedi Yilmaz. – Huquq-tartibot idoralari dastlabki daqiqalaridanoq vaziyatga aralashgan, Anqara Bosh prokuraturasi jinoiy ish ochgan. Terrorizmga qarshi kurash qat’iy davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha mahalliy vaqt bilan soat 15.30 da Qahramonqozon viloyatidagi zavodga bir guruh terrorchilar hujum qilgan. Portlashdan keyin kirish joyida otishma boshlangan. Xodimlar zudlik bilan kompaniya hududidagi boshpanalarga ko‘chirilib, politsiya korxonaga olib boruvchi barcha yo‘llarni to‘sgan. Og‘ir yaralanganlar vertolyotda shifoxonalarga yetkazilgan, qolganlar tez yordam mashinasida yaqin atrofdagi tibbiyot muassasalariga olib borilgan.
Adliya vaziri Yilmaz Tunch poytaxtdagi teraktni keskin qoralab, qonli voqeani bir guruh tajribali mutaxassislar tergov qilishini aytdi.
Qayd etish joiz, uchuvchisiz boshqariladigan samolyot va vertolyotlar ishlab chiqariladigan “TUSAS” hududida beshinchi avlod turk harbiy uchog‘i – KAAN ham tayyorlanmoqda. Qurilmalarning bir qismi mamlakat Qurolli Kuchlari aksil terror amaliyotida foydalaniladi.