“Anor” — terminal oʻrnini smartfon bosadi
Bu haqida Markaziy bank oʻtkazgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Bu haqida Markaziy bank oʻtkazgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Bank sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi – tijorat banklarini mijoz uchun ishlashga oʻrgatishdan iborat. Xususan, Davlatimiz rahbarining 2018-yil 19-sentyabrda qabul qilingan “Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Markaziy bank huzurida Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) tashkil qilindi.
Ushbu markaz yagona unifikatsiyalangan toʻlov infratuzilmasini shakllantirish orqali moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, bank xizmatlarini raqamlashtirish va chakana bank xizmatlari ommabopligini oshirish uchun raqobat muhitini rivojlantirish, chakana toʻlov tizimlari faoliyatining ishonchliligini oshirishda qoʻl kelmoqda.
“Anor” tezkor toʻlovlar tizimining ishlab chiqilishi ham ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar samarasidir. Mazkur yangi tizim yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻrtasida real vaqt rejimida banklararo pul oʻtkazmalarini amalga oshirish imkonini beradi va 24/7 vaqt davomida (dam olish va bayram kunlari ham tanaffussiz) ishlaydi.
Maʼlumki, butun dunyoda elektron toʻlovlarni amalga oshirishda QR-kodlardan faol ravishda foydalaniladi. Bu amaliyot respublikamizga ham jadallik bilan kirib kelmoqda. Xususan, xaridor oʻz bank toʻlov kartasini smartfondagi ilovaga bogʻlaydi, savdo tarmoqlarida xarid qilishda yoki xizmatlar uchun toʻlovni amalga oshirishda bank kartasidan foydalanmay, mazkur ilova yordamida hisob-kitob qiladi.
Hisob-kitobning bunday usuli xaridor uchun ham, sotuvchi uchun ham oddiy bank plastik kartasidan toʻlovni amalga oshirishdan koʻra qulayroq. QR-kod qoʻllanilganda kartani qabul qilish uchun terminaldan foydalanilmaydi – uning oʻrnini smartfon bosadi.